
AQSHda o‘zbekistonliklar uchun mahalla guzari barpo etiladi
Bu haqda Mirziyoyev Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Shavkat Mirziyoyev 2026 yilda AQSH hududida o‘zbekistonliklar uchun maxsus mahalla guzari tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi. Loyiha Nyu-York yoki Vashington shaharlaridan birida amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Prezident ushbu g‘oyani AQSHdagi vatandoshlar bilan uchrashuvlar chog‘ida ilgari surgan. Uning ta’kidlashicha, mahalla guzari xorijda yashayotgan o‘zbekistonliklar uchun umumiy makon bo‘lib, ularda g‘urur va iftixor tuyg‘usini kuchaytiradi. Loyihani amalga oshirish bo‘yicha aniq vazifalar O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Furqat Siddiqov zimmasiga yuklatildi.
Davlat rahbari tadbirkorlarni jalb qilgan holda, sheriklik asosida puxta va amaliy loyiha ishlab chiqishni topshirdi. Mahalla guzarida O‘zbekiston davlat bayrog‘ini o‘rnatish, milliy oshxonalar va choyxonalarni tashkil etish rejalashtirilgan. Bu obyekt nafaqat madaniy, balki ijtimoiy muloqot markaziga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.
Elchi Furqat Siddiqov o‘z nutqida 2018 yil O‘zbekiston—AQSH munosabatlarida muhim burilish bo‘lganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi oliy darajadagi muloqotlar hamkorlikni yangi, tizimli bosqichga olib chiqqan. Bugungi kunda AQSH rahbariyati, Oq uy va Kongress bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatilgan.
Yig‘ilishda iqtisodiy hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi. Joriy yilda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan 14 turdagi yangi mahsulotni AQSH bozoriga olib chiqish rejalashtirilgan. Shuningdek, 100 ta to‘qimachilik korxonasi uchun WRAP sertifikatini olish maqsad qilingan. AQSHning IT sohasi vakillari ham O‘zbekiston bozoriga qiziqish bildirib, IT parklar bilan hamkorlik qilish istagini bildirgan.





