add

AQSHda soxta davlat kotibi paydo bo‘ldi

08.07.2025 | 19:2146553

AQSHda sun’iy intellekt orqali davlat kotibi ovozini taqlid qilgan shaxs rasmiylarni aldashga urindi.

AQSHda soxta davlat kotibi paydo bo‘ldi
AQSHda o‘zini davlat kotibi deb tanishtirgan noma’lum shaxs sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida Marko Rubio ovozini taqlid qilib, yuqori lavozimli mansabdor shaxslardan maxfiy ma’lumotlarni olishga uringan. Bu haqda The Washington Post gazetasi xabar berdi. Firibgarlik harakatlari iyun oyining o‘rtalaridan boshlangan. Firibgar Signal messenjerida «Marco.Rubio@statye.gov» nomi bilan akkaunt ochib, kimligini yashirib rasmiylar bilan aloqa qilgan. Firibgar AQSH davlat kotibini taqlid qilib, rasmiylarga ovozli va yozma xabarlar yuborgan Qayd etilishicha, sun’iy intellekt orqali tayyorlangan mazkur xabarlar kamida besh nafar yuqori lavozimli shaxsga yuborilgan — ular orasida uchta tashqi ishlar vaziri, bir shtat gubernatori va AQSH Kongressining a’zosi bor. Ba’zi hollarda elektron pochta orqali boshqa Davlat departamenti xodimlarining ham nomi qo‘llangan. Rasmiylarning fikricha, hujum maqsadi maxfiy ma’lumotlar yoki shaxsiy akkauntlarga kirish imkonini qo‘lga kiritish bo‘lgan. Davlat departamenti ushbu holat yuzasidan rasmiy tergov boshlanganini va bu kabi holatlarning oldini olish uchun choralar ko‘rilishini ma’lum qildi. Hozircha jabrlangan shaxslar haqida ma’lumot berilmagan.

Teglar

Mavzuga oid