
AQSHda tariflar kuchaytirildi: Xitoydan kichik jo‘natmalar eksporti 40 foizga qisqardi
26.06.2025 | 19:4013683
AQSHda 2 maydan boshlab Xitoydan yuboriladigan arzon mahsulotlarga boj imtiyozlari bekor qilingach, Temu va Shein kabi onlayn gigantlar katta talafot ko‘rdi. May oyida kichik posilkalar savdosi 1 mlrd dollarga tushib, 2023 yil boshidan beri eng past daraja qayd etildi.

AQSH Xitoydan kelayotgan tovarlarga nisbatan «de minimis» qoidasini bekor qildi. Unga ko‘ra, 800 dollardan kam qiymatdagi posilkalar bojdan ozod etilar edi. Yangi tartib asosida kiyim-kechak, maishiy texnika va elektronika kabi mahsulotlarga boj miqdori 54 foizgacha oshirildi.
Shein va Temu o‘z mahsulotlari narxini ko‘tarishga majbur bo‘lib, ikki raqamli foizlardagi savdo pasayishini qayd etmoqda. Bundan tashqari, Xitoylik tadbirkorlar arzon to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib berishdan voz kechib, AQSHdagi ombor orqali savdoga o‘tishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa ular uchun yuz minglab yuanlik xarajatlarni anglatadi.
Xitoylik yuz minglab sotuvchilar Amerika bozoridagi asosiy afzalliklaridan ayrilmoqda. Bu esa raqobatni pasaytirib, AQSHdagi iste’molchilar uchun narxlar oshishi xavfini tug‘dirmoqda.
Yillik solishtirmada AQSHga yuborilayotgan kichik jo‘natmalar hajmi 40 foizga qisqargan. Shunday bo‘lsa-da, bu cheklovlardan ba’zi mamlakatlar foyda ko‘rmoqda — Malayziya, Belgiya va Janubiy Koreyadan yuborilayotgan tovarlar hajmi o‘smoqda.
«Bu ham sotuvchilar, ham xaridorlar uchun yutqizish holati», — deydi xitoylik brend Shantivale asoschisi Vang Yuhao.





