
AQSHda Tramp surati tushirilgan 1 dollarlik yubiley tanga chiqariladi
04.10.2025 | 08:4237623
AQSH 250 yilligi munosabati bilan Tramp surati tushirilgan 1 dollarlik yubiley tangasi chiqariladi. Dizayn orasida «Fight, Fight, Fight» shiori bor.

AQSH G‘aznachiligi mamlakat mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan Donald Tramp surati tushirilgan yubiley tangalarini chiqarishini ma’lum qildi. Bu haqda respublikachi senator Ted Kruz maslahatchisi Stiv Gest ijtimoiy tarmoqda e’lon qildi.
Dastlabki maketga ko‘ra, tanganing old tomonida prezident Trampning profil surati joylashgan. Uning ustidan «Liberty» yozuvi, markazida «In God We Trust» («Biz Xudoga ishonamiz») shiori, ostida esa 1776–2026 yillar ko‘rsatilgan. Bu sana AQSHning mustaqillik e’lon qilganidan buyongi 250 yillikni anglatadi.
Orqa tomonida esa Tramp Amerika bayrog‘i fonida baland ko‘tarilgan musht bilan tasvirlangan. Shu yerda «Fight, Fight, Fight» shiori yozilgan bo‘lib, pastki qismida «United States of America» va davlat devizi «E Pluribus Unum» («Ko‘pdan — yagona») joy olgan. Tanganing qiymati — 1 dollar ko‘rsatilgan.
AQSH g‘aznachisi Brendon Bich tanga haqiqatan ham ishlab chiqilayotganini tasdiqladi. Uning aytishicha, dizayn hali yakuniy tasdiqdan o‘tmagan, biroq tanga 2026 yilda muomalaga chiqariladi. «Bu loyiha mamlakatimiz tarixiy ruhi va demokratiyasini ifodalaydi», — dedi u.
Ma’lumot uchun, Kongress 2020 yilda maxsus qonun qabul qilgan bo‘lib, unga ko‘ra Moliya vazirligiga 2026 yil davomida 1 dollarlik yubiley tangalarini chiqarish huquqi berilgan. Qonunni o‘sha paytda prezident lavozimida bo‘lgan Donald Trampning o‘zi imzolagan edi.





