
AQSHdagi afg‘on muhojirlari Tramp ma’muriyati qaroridan so‘ng xavotirda
30.05.2025 | 20:202294
AQSHning Kentukki shtatiga joylashgan afg‘on muhojirlari mamlakatdan chiqarib yuborilish xavfi tufayli kelajaklaridan xavotirga tushmoqda. Tramp ma’muriyati ularga berilgan vaqtinchalik muhofaza maqomini bekor qilmoqchi.

AQSHdagi «Operation Allies Welcome» tashabbusi orqali 2021 yili mamlakatga kiritilgan 70 mingdan ortiq afg‘on muhojirlaridan ko‘pchiligi Kentukki shtatidagi Boulling Grin shahriga joylashgan. Ular bu yerda yangi hayotni boshlab, ishga joylashdi, uy sotib oldi va farzandlarini o‘qitishni boshladi. Biroq Tramp ma’muriyati 2025 yil iyul oyidan boshlab Afg‘oniston fuqarolari uchun vaqtinchalik muhofaza maqomini (TPS) tugatishni e’lon qildi.
Bu qaror afg‘on muhojirlarini chuqur xavotirga soldi. Ular bu maqom orqali mamlakatda vaqtinchalik yashash huquqiga ega edi. Endi esa ularga afg‘on rejimi boshqaruvidagi mamlakatga qaytarib yuborilish xavfi tug‘ilmoqda. Boulling Grinda yashovchi Vazir Xon Zadron shunday deydi:
«Bu yerda bolalarning kelajagi porloq. Ular o‘qishi, oliy ta’lim olishi, yaxshi hayot kechirishi mumkin. Ammo Afg‘onistonda, ayniqsa qizlar uchun, hayot juda og‘ir. Ular maktabga ham borolmaydi, universitet haqida gapirmasa ham bo‘ladi».Uning qizlaridan biri — Zulayxo Zadron kollejga kirish arafasida. U Amerikadagi imkoniyatlardan faxrlansa-da, hujjatsizlik kelajagini xatarga solishi mumkinligidan qo‘rqadi.
«Hozirgi paytda odamlar hujjatsizlarni chiqarib yuborishlari mumkinligi haqida gapirmoqda. Men ham shundan qo‘rqyapman. Biroq shu qo‘rquvga qaramay, erishgan yutuqlarim bilan faxrlanaman», — deydi u.Tramp ma’muriyati Afg‘oniston bilan birga Venesuela va boshqa mamlakatlardan kelgan yuz minglab odamlarning TPS maqomini ham bekor qilmoqchi. AQSH Davlat xavfsizligi departamenti vakillari har qanday muhojir so‘roq ostida bo‘lsa-da, hali ham boshpana so‘rash huquqiga ega ekanini ma’lum qildi.





