
AQSHdagi yangi bojlar aviaxavfsizlik va ta’minot zanjiriga tahdid solmoqda
04.06.2025 | 15:4047413
AQSH prezidenti Donald Tramp joriy qilgan samolyot va dvigatel qismlariga nisbatan yangi import bojlari global aviatsiya xavfsizligi va ta’minot zanjiri uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Bu haqda yirik aviatsiya va aviakompaniyalar uyushmalari ogohlantirmoqda.

Aprelda e’lon qilingan 10 foizlik tariflardan so‘ng, Kommersiya vazirligi «232-bo‘lim» doirasida milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan import tovarlar tahlilini boshladi. Bu esa, kelgusida bojlar yanada oshirilishi mumkinligini anglatadi.
«Aerospace Industries Association» — Boeing, Airbus, GE Aerospace va boshqa yuzlab kompaniyalarni o‘zida birlashtirgan tashkilot — hukumatdan boj masalasida qaror qabul qilishni kamida 180 kunga kechiktirish va jamoatchilik muhokamasi muddatini uzaytirishni so‘ramoqda.
Tashkilot Pensilvaniyadagi aviatsiya metall qismlari ishlab chiqaruvchi korxonada sodir bo‘lgan yong‘in ishlab chiqarishga qanday ta’sir ko‘rsatganini eslab, yangi mahalliy yetkazib beruvchi tayyorlash va xavfsizlik sertifikatlarini olish uchun kamida 10 yil kerakligini ta’kidlagan.
American Airlines, United, Delta kabi yirik aviakompaniyalar ishtirokidagi «Airlines for America» uyushmasi ham bojlar aviachiptalar narxi va yuk tashish xarajatlarini oshirishi, soha rivojiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishini qayd etgan.
«Bojlar iqtisodiy va milliy xavfsizlikka zarba bo‘lib, AQSHdagi tijorat aviatsiyasi sohasining o‘sishi, raqobatbardoshligi va investitsiyalarini cheklaydi», — deyiladi ularning AQSH Kommersiya vazirligiga yo‘llagan bayonotida.
Tashkilotlar, shuningdek, 1979 yilgi Fuqaro aviatsiyasi bitimiga ko‘ra, Federal aviatsiya ma’muriyati sertifikatiga ega qismlarni bojsiz import qilish imkonini tiklashni talab qilmoqda.





