
AQSHlik senator Trampni Ukrainaga «Tomahawk» berishga chaqirdi
Lindsi Grehemning fikricha, Rossiyaning tungi yopirilma zarbasi Vashington bosimining samara bermayotganini ko‘rsatdi.

Rossiya tomonidan 3-fevral tunida Ukrainaga yopirilma raketa va dron hujumidan so‘ng AQSH senatori Lindsi Grehem Donald Trampni uzoq masofali «Tomahawk» raketalarini taqdim Kiyevga etish jarayonini boshlashga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, bunday qaror frontdagi vaziyatni jiddiy o‘zgartirishi mumkin.
Respublikachilar partiyasining ta’sirli vakillaridan biri bo‘lgan Grehem «X» ijtimoiy tarmog‘idagi chiqishida Rossiya prezidenti Vladimir Putinga nisbatan mavjud bosim usullari natija bermayotganini bildirdi. Senator Rossiyaning Ukrainaga qarshi ommaviy zarbalari muzokaralarga majburlash siyosati ishlamayotganining yaqqol dalili ekanini qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Putinni to‘xtatish uchun iqtisodiy va harbiy bosimni keskin kuchaytirish talab etiladi. Ayniqsa, Ukrainaga yuqori aniqlikka ega, uzoq masofali qurol-yarog‘ yetkazib berish hal qiluvchi omil bo‘lishi mumkin.
Iqtisodiy bosim siyosati
Senator Tramp ma’muriyati ilgari surgan neft sanksiyalari siyosatiga alohida e’tibor qaratdi. U AQSH va Yevropa Rossiya neftini sotib olayotgan davlatlarga bosimni oshirishi kerakligini ta’kidladi.
«Prezident Tramp neft kompaniyalari va qayta ishlash zavodlarini nishonga olish orqali Putin iqtisodiyotini zaiflashtirdi», — deb yozdi Grehem. U Hindistonga nisbatan joriy etilgan boj tariflarini misol qilib keltirib, bu chora Rossiya nefti xaridining qisqarishiga olib kelganini bildirdi.
Grehemning fikricha, agar yirik xaridorlar Rossiya neftidan voz kechsa, urushni moliyalashtirish imkoniyatlari keskin cheklanadi. Bu esa Moskva uchun strategik bosimni kuchaytiradi.
«Tomahawk» omili
Senator Ukrainaga «Tomahawk» raketalarini berish chaqirig‘ini ochiq ilgari surdi. Uning ta’kidlashicha, bu qurollar Rossiyaning chuqur orqa hududlaridagi harbiy infratuzilmasiga zarba berish imkonini yaratadi.
Grehem muzokaralar faqat Ukraina erkin, mustaqil va barqaror davlat sifatida saqlanib qolgan taqdirdagina xalqaro xavfsizlikka xizmat qilishini qayd etdi. U «vaqt hal qiluvchi ahamiyatga ega» ekanini alohida urg‘uladi.





