
AQSHning Ukraina bo‘yicha rejasi Yevropa yetakchilarini g‘azabga soldi
Vashingtonning 28 bandan iborat tinchlik taklifi yevropaliklar va Kiyevda qattiq e’tirozga sabab bo‘ldi. Ular o‘zlarining muqobil tinchlik rejasini tayyorlamoqda.

Der Spiegel nashri ma’lumotlariga ko‘ra, AQSHning Ukraina bo‘yicha 28 bandan iborat tinchlik rejasi Yevropaning yetakchi mamlakatlarida qattiq norozilikka sabab bo‘ldi. Berlin reja mazmunini Vashingtondan emas, AQSH nashrlari orqali bilib olgan va uni «provokatsiya» deb baholagan. Germaniya Tashqi ishlar vaziri Iohann Vadeful bu borada AQSHning maxsus vakili Stiv Uitkoffdan rasmiy izoh so‘ragan.
Reja Donetsk, Luhansk va Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olish, Ukrainaning NATOga kirishidan voz kechishi hamda mamlakat qurolli kuchlari sonini 600 ming nafarga cheklashni o‘z ichiga oladi. Nemis qonunchilik organi vakillari bunday taklifni «diktatorlik tinchligi», deb atagan. Ularga ko‘ra, bu reja faqat Moskva uchun vaqtdan yutish imkonini yaratadi.
Berlin, Parij va London Kiyev bilan birgalikda AQSH rejasiga muqobil tinchlik formulasini ishlab chiqmoqda. Unga ko‘ra, hozirgi front chizig‘i muzokaralar uchun asos sifatida taklif etiladi. Bu AQSH prezidenti Donald Tramp taklif etgan hududiy o‘zgarishlarga asoslangan rejaga mutlaqo zid hisoblanadi.
Germaniya kansleri Fridrix Mers, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer va Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy 21-noyabr kuni telefon orqali muzokara o‘tkazgan. Ular 22-noyabr kuni Janubiy Afrikadagi G20 sammiti doirasida shaxsan uchrashib, AQSH rejasiga kontrtaklif tayyorlashni rejalashtirmoqda.
Oq uy esa AQSH rejasi tuzilish jarayonida Ukraina va Rossiya bilan ham aloqa bo‘lganini, undagi shartlar har ikki tomon uchun ham qabul qilinadigan bo‘lishini ta’kidlamoqda.





