
Arab va musulmon davlatlari HAMASni Trampning G‘azo rejasini qabul qilishga bosim qilmoqda — Bloomberg
02.10.2025 | 08:4237783
Saudiya, Qatar, Misr va Turkiya kabi davlatlar HAMASni Donald Tramp taqdim etgan G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasini qabul qilishga chaqirmoqda. Ularga ko‘ra, urushni to‘xtatish har qanday shartlardan ustun.

Bloomberg nashrining yozishicha, AQSH prezidenti Donald Tramp va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu taqdim etgan 20 punktli reja arab va musulmon davlatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Asosiy shart — Isroil qo‘shinlarining G‘azodan chiqishi va urushni to‘xtatish.
Saudiya Arabistoni, Iordaniya, BAA, Turkiya, Qatar, Misr, Pokiston va Indoneziya tashqi ishlar vazirlari rejani allaqachon ma’qullagan. HAMAS esa hozircha uni ko‘rib chiqmoqda. Qatar va Misr rejani harakat rahbariyatiga taqdim etdi, guruh esa falastinlik siyosiy fraksiyalar bilan maslahatlashmoqda. Tramp HAMASga qaror qabul qilish uchun 3–4 kun muhlat berdi.
Rejaga ko‘ra, barcha garovdagi shaxslar ozod etilishi, Isroil G‘azoni okkupatsiya qilmasligi, qurol topshirgan HAMAS a’zolariga amnistiya berilishi va sektorni xalqaro «Tinchlik kengashi» nazoratidagi vaqtinchalik hukumat boshqarishi nazarda tutilgan. Shuningdek, G‘azo iqtisodiy tiklanishi va keng ko‘lamli yordam olishi kutilmoqda.
Ekspertlarning qayd etishicha, rejada ayrim noaniq jihatlar bor — masalan, G‘azodagi «Xalqaro barqarorlik kuchlari»ning vakolati va muddati, shuningdek, Falastin ma’muriyati qachon nazoratni o‘z qo‘liga olishi masalasi. Biroq hatto urushni qisman to‘xtatish ham arab davlatlari uchun jiddiy yutuq hisoblanmoqda.





