
Argentinada natsist qizi Matissning 22 ta asarini yashirib kelganlikda ayblandi
05.09.2025 | 12:2029573
Argentinada Ikkinchi jahon urushida asarlarni o‘g‘irlagan natsistning qizi va kuyovi yashirin san’at kolleksiyasini saqlaganlikda rasman ayblandi.

Argentinada natsist Fridrix Kadgiyenning 58 yoshli qizi Patrisiya Kadgiyen va uning 60 yoshli turmush o‘rtog‘iga urush davrida o‘g‘irlangan asarlarni yashirganlik ayblovi qo‘yildi. Ularga qarshi tergov jarayoni 18 asrga tegishli «Xonim portreti» asari tasodifan onlayn ko‘chmas mulk e’lonida fotosuratda aniqlangach boshlandi, deb yozadi.
Mazkur asar italiyalik barokko rassomi Juzeppe Gislandining ishi bo‘lib, u Niderlandiyalik kolleksionerdan urush payti o‘g‘irlangan va 80 yildan beri yo‘qolgan deb hisoblanardi. Qidiruvlar davomida politsiya Gislandining asarini emas, balki uyda yashirin holda saqlanayotgan Anri Matissning 22 ta asarini va boshqa noma’lum manbali asarlarni topdi.
Anri Matiss (1869–1954) — XX asrning eng mashhur fransuz rassomlaridan biri bo‘lib, uning asarlari muzeylar va xususiy kolleksiyalarda katta qiymatga ega. Bu asarlar 1940-yillarga tegishli bo‘lib, aynan fashistlar Yevropada san’at asarlarini ommaviy o‘g‘irlagan davrga to‘g‘ri keladi.
Politsiya asarlar Mar-del-Platadagi uyda topilganini ma’lum qildi. Sud muhokamasi paytida Patrisiya Kadgiyen va uning turmush o‘rtog‘i Gislandi asarini rasman topshirgan, ammo Matissning asarlari va boshqa kolleksiyalarning kelib chiqishi hali aniqlanmagan.
Ayblovga ko‘ra, ular faqat asarlarni yashirgan, lekin rasman o‘g‘irlaganlikda gumon qilinmayapti. Ammo urush davridagi o‘g‘irlangan aktivlarni yashirish ham Argentina qonunchiligiga ko‘ra jazolanadigan jinoyat hisoblanadi.





