add

Asad oilasining Moskvadagi yashirin hayoti oshkor bo‘ldi

Bugun 09:1838302 daqiqa

Jurnalistlar Asad Rossiyada nima bilan band ekani va oilasining Moskvada qanday yashayotganini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan.

Asad oilasining Moskvadagi yashirin hayoti oshkor bo‘ldi

Oilasi bilan Moskvaga ko‘chib kelgan Suriyaning ag‘darilgan prezidenti Bashar Asad yana tibbiy ta’lim olmoqda. Bu haqda The Guardian gazetasi xabardor manbaga tayanib ma’lum qildi.

Nashr suhbatdoshining aytishicha, Asad oftalmologiya darslariga qatnashib, bir vaqtning o‘zida ham bilimini oshirmoqda, ham rus tilini o‘rganmoqda.

«Bu uning ishtiyoqi, unga pul kerak emas. Suriyadagi urush boshlanishidan oldin ham u Damashqda muntazam ravishda oftalmologiya amaliyoti bilan shug‘ullanar edi», — deb ta’kidladi Asadning oilasi bilan aloqada bo‘lib turuvchi do‘sti.

U va Suriya hamda Rossiyadagi boshqa manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Asadning oilasi Moskva hamda BAAda osoyishta va hashamatli hayot kechirmoqda. The Guardian gazetasining vaziyatdan xabardor ikki suhbatdoshi Asadlar ehtimol Rublyovkada istiqomat qilishini taxmin qildi. Shu bilan birga, oilaning yaqin atrofidagi manba Zeit gazetasiga oilaning Moskva-Sitida uchta kvartirasi borligini ta’kidladi.

Shunga qaramay, Asadning Suriya va Rossiya elitasi bilan aloqalari cheklangan.

«U juda xotirjam hayot kechirmoqda. Uning tashqi dunyo bilan aloqasi juda kam, hatto yo‘q darajada. U faqat saroyida bo‘lgan bir-ikki kishi, masalan, (Suriya prezidenti saroyi ishlari bo‘yicha sobiq vazir) Mansur A’zam va (Asadning iqtisodiyot bo‘yicha sobiq bosh maslahatchisi) Yosir Ibrohim bilan muloqot qiladi», degan oilaning do‘sti.

The Guardian gazetasining ta’kidlashicha, Asad RT va «mashhur amerikalik o‘ng qanot blogeri»ga intervyu berishni rejalashtirgan, biroq Rossiya rasmiylarining OAVda chiqish qilish uchun ruxsatini kutishda davom etmoqda.

Oilaning boshqa a’zolariga kelsak, leykemiyadan aziyat chekkan sobiq birinchi xonim Asma Asad eksperimental terapiyadan so‘ng kasallikning remissiya bosqichiga erishgan. Asadning farzandlari esa birinchi oila maqomisiz yashashga asta-sekin o‘rganib, «biroz gangib qolgan». Shuningdek, Zayn al-Asad yaqinda MGIMOdagi o‘qishini tamomlagani va bitiruv kechasida boshqa talabalar bilan tushgan surati ham qayd etilgan.

2024 yil dekabr oyida qurolli muxolifat Damashqqa kirdi, shundan so‘ng Bashar Asad vakolatlarini topshirib, mamlakatni tark etdi. Muvaqqat prezident etib tuzumni ag‘darishda muhim rol o‘ynagan «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhi rahbari Ahmad ash-Shar’a tayinlandi.

Asad va uning oilasi Rossiyadan boshpana topdi. Moskva Suriyaning yangi hukumati bilan diplomatik aloqalarni saqlab qoldi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Suriyaning sobiq rahbari xavfsiz ekanini tasdiqladi, biroq Kreml uning mamlakatda bo‘lishi tafsilotlarini oshkor qilishdan bosh tortdi.

Teglar

Mavzuga oid