add

«Asakabank»ning 15 foiz aksiyasini YTTB sotib oldi

Bugun 17:552 daqiqa

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki 2026 yilda davlat banki aksiyadorlari tarkibiga kirib, bankni xususiylashtirish jarayonida ishtirok etadi.

«Asakabank»ning 15 foiz aksiyasini YTTB sotib oldi

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) «Asakabank» aksiyalarining 15 foizini sotib oladi. Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ko‘ra, mazkur kelishuv 2026 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bankni xususiylashtirish jarayonida muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston hukumati nomidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi, YTTB hamda «Asakabank» o‘rtasida «Asakabank»ni xususiylashtirishning asosiy tijorat shartlarini belgilab beruvchi «Term Sheet» imzolangan. Hujjat tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni institutsional jihatdan mustahkamlashni nazarda tutadi.

Imzolangan shartlarga ko‘ra, tranzaksiya, tartibga solish va korporativ-huquqiy talablar belgilangan tartibda to‘liq bajarilgandan so‘ng, 2026 yilda YTTB «Asakabank» aksiyadorlari tarkibiga rasman kirishi ko‘zda tutilgan. Bu esa bankda xalqaro investor ishtirokini ta’minlaydi.

«Asakabank»ni xususiylashtirish doirasida YTTB bilan hamkorlik bir qator strategik yo‘nalishlarni qamrab oladi. Jumladan, korporativ boshqaruv sifatini oshirish va bank faoliyati shaffofligini kuchaytirish, xatarlarni boshqarish hamda ichki nazorat tizimlariga xalqaro standartlarni joriy etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, bankning kapital bazasi va operatsion barqarorligini mustahkamlash, bozor tamoyillariga asoslangan barqaror rivojlanish modelini shakllantirish hamda xususiylashtirishning keyingi bosqichlari oldidan investitsion jozibadorlikni oshirish hamkorlikning asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi.

Vazirlik ta’kidlashicha, mazkur loyiha davlat aktivlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, xalqaro investorlarning O‘zbekiston moliya bozoriga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash hamda mamlakatda raqobatbardosh va barqaror bank sektorini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tish joizki, 2024 yil may oyida Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda YTTB «Asakabank»ni sotishga tayyorlash bo‘yicha alohida bitim imzolagan edi. Unga muvofiq, YTTB xususiylashtirishdan oldin maslahat, texnik yordam va investitsiya kiritish imkoniyatlarini ko‘rib chiqqan.

Teglar

Mavzuga oid

«Asakabank»ning 15 foiz aksiyasini YTTB sotib oldi | Vaqt.uz