«Aslida, bu – korrupsiya!» Prezident qurilish bilan bog‘liq arizalar rad etilayotgani haqida

Bugun 17:583 daqiqa

Bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilgan obyektlar uchun qoldiq summaga har yili 14 foiz ustama hisoblash bekor qilinadi.

«Aslida, bu – korrupsiya!» Prezident qurilish bilan bog‘liq arizalar rad etilayotgani haqida © Фото: Президент матбуот хизмати

O‘zbekistonda pudrat korxonalariga chet eldan yiliga bitta maxsus texnika olib kelish bo‘yicha cheklovni bekor qilish zarur. Bu haqda bugun, 14-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida so‘z ochildi.

Auksionda sotilgan 3 ming gektar yerda qurilish boshlanmadi

So‘nggi to‘rt yilda auksionda sotilgan 11,5 ming gektar yerdan 3 ming gektarida qurilish boshlanmagan. Oqibatda qo‘shimcha 100 ming ish o‘rni, 20-25 trillion so‘m qo‘shilgan qiymat yo‘qotilayotgani qayd etildi. Auksionga chiqarilgan 582 gektar yer uchastkasi, 122 ta davlat obyekti bir yildan beri sotilmay turibdi.

Chunki xususiylashtirish dasturini qabul qilishda ham, obyektlarni sotishda ham hokimlarning o‘rni bilinmayotgani, tadbirkorlarning fikri oldindan o‘rganilmayotgani qayd etildi. Aslida, har obyektni sotishda hududga investitsiya, mahalla uchun ish o‘rni birinchi o‘rinda bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Endilikda xususiylashtirish dasturiga obyektlarni kiritish, ularni sotish va investitsiya samaradorligi bo‘yicha hokimlar Davlat aktivlari agentligi bilan tengma-teng javob berishi belgilandi. Xususiylashtirish doirasida bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilgan obyektlar uchun qoldiq summaga har yili 14 foiz ustama hisoblash bekor qilinadi.

Arizalar rad etilishi

O‘tgan yili qurilish bilan bog‘liq 2 million 600 mingdan ziyod arizaning uchdan biri rad etilgan.

«Mas’ullar «Kamchiligi uchun qaytardik», deb aytadi. Lekin ichiga kirib tahlil qilsa, masala ko‘p. Hamma bilib, bilmaganga oladi, aslida, bu – korrupsiya! Bunga chek qo‘yishning birdan bir yo‘li – raqamlashtirish va sun’iy intellekt!» – dedi davlat rahbari.

Toshkent tajribasi

Aholi va tadbirkorlar qurilish qilish uchun avval loyihalashga ruxsat olishga, keyin arxitektura rejalashtirish topshirig‘i ishlab chiqishga alohida-alohida ariza berib, oylab vaqt sarflamoqda.

Toshkent shahrida 2 ta xizmatni bir bosqichda ko‘rib chiqish yo‘lga qo‘yilgani uchun hujjatlarni kelishish vaqti 3-4 karra kamaydi. Ushbu tajribani 1-iyuldan boshlab, respublikaning barcha hududlarida joriy qilish topshirildi.

Hozirda elektr, gaz, suv va kanalizatsiyaga ulanish bo‘yicha texnik shart olish uchun ham har bir kommunal idoraga alohida murojaat qilish kerak. 1-iyuldan bitta ariza va bitta to‘lov bilan barcha kommunal tarmoqlarga texnik shart olish imkonini yaratish vazifasi qo‘yildi.

Idoralar orasida muloqot yo‘q

Sansalorlikning yana bir sababi – joylarda shaharsozlik kengashishga a’zo 26 ta idora o‘rtasida muloqot va hamkorlik yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois, shaharsozlik kengashiga Toshkent shahri va viloyat hokimlarining o‘zi boshchilik qilib, tadbirkorning masalasiga yakuniy yechim berishi belgilandi.

«Shaffof qurilish» reytingida quruvchilarga lizingga olingan texnikasi uchun ball berilmayotgani noto‘g‘ri ekani qayd etildi. Bunday texnikalar hisobga olinsa, kamida 500 ta korxonaning reytingi 1-2 pog‘ona ko‘tarilib, 17 trillion so‘mlik bozorga kirish imkoni paydo bo‘ladi.

Qurilish vazirligiga lizingga olingan texnikalar elektron bazasini ishga tushirib, «Shaffof qurilish» tizimiga integratsiya qilish va ball berishni boshlash topshirildi.

Bundan tashqari, pudrat korxonalariga chet eldan yiliga bitta maxsus texnika olib kelish bo‘yicha cheklovni bekor qilish zarurligi qayd etildi.

Umuman, mutasaddilarga uch oyda qurilishga ruxsat olishdan boshlab, foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni tahlil qilib, talablar, muddatlar va to‘lovlarni 2 barobargacha qisqartirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.

Teglar

Mavzuga oid