
Asosiy stavka yana o‘zgarishsiz qoldirildi — 14 foiz
Markaziy bank boshqaruvi 2026-yil 28-yanvardagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi 2026 yil 28-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Qaror inflatsiya dinamikasi, iqtisodiy faollik va inflyatsion xatarlarni hisobga olgan holda qabul qilindi.
O‘zgarishsiz qoldirilganining asosiy sabablari
«2025 yilda iqtisodiy faollik kutilganidan yuqori shakllandi. Barqaror yalpi talab omillari iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatladi, inflatsiya esa pasayish tendensiyasini saqlab qoldi. Ayniqsa, tovarlar narxlari o‘sish sur’atining sekinlashishi umumiy inflatsiyaga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Shu bilan birga, xizmatlar sohasida inflatsiya talab omillari ta’sirida nisbatan yuqori darajada qolmoqda. Ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi ham inflatsiyaning barqaror pasayishiga xatar sifatida baholanmoqda. Markaziy bank ushbu sharoitda pul-kredit siyosati qat’iyligini saqlash inflatsiyani nazorat qilish uchun zarur, deb hisoblamoqda» — deyiladi xabarda.
2025 yil dekabr oyida yillik inflatsiya 7,3 foizgacha pasaydi. Bazaviy inflatsiya 5,7 foizni tashkil etdi. Bu natija qat’iy pul-kredit sharoiti, milliy valuta kursining mustahkamlanishi va import inflatsiyasining pasayishi bilan izohlandi. Biroq inflyatsion kutilmalar dekabr oyida qisman o‘sgani qayd etildi.
2026 yil inflatsiya prognozi
Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2026 yil yakunida inflatsiya 6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda. Investitsiya faolligi, fiskal xarajatlar va pul o‘tkazmalarining ko‘payishi ichki talabni qo‘llab-quvvatlaydi. Shu bilan birga, qish mavsumida oziq-ovqat ta’minotidagi uzilishlar narxlarga bosimni oshirishi mumkin.
Tashqi iqtisodiy muhitdagi noaniqliklarga qaramasdan, asosiy savdo hamkor mamlakatlarda inflatsiya pasayish tendensiyasiga o‘tdi. Eksport tushumlari, xorijiy kreditlar va pul o‘tkazmalari hisobiga 2025 yilda so‘m kursi 6,9 foizga mustahkamlandi. Bu import inflatsiyasini pasaytirishga xizmat qildi.
Markaziy bank inflatsiyani o‘rta muddatda 5 foizlik maqsadli darajaga tushirish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va aholi xarid qobiliyatini saqlashni asosiy vazifa sifatida belgilagan. Asosiy stavka bo‘yicha navbatdagi qaror 2026 yil 18-mart kuni ko‘rib chiqiladi.





