Logo

Asosiy stavka yana o‘zgartirilmadi

Bugun 12:353 daqiqa

Markaziy bank asosiy stavkani 14 foizda qoldirdi. Inflatsiya pasayayotganiga qaramay, ichki talab, tariflar va tashqi bozorlar yangi bosimlarni yuzaga keltirishi mumkin.

Asosiy stavka yana o‘zgartirilmadi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qoldi. Regulyatorning қaйд etishicha, inflatsiyaning pasayish tendensiyasi davom etayotgan bo‘lsa-da, narxlar o‘sishini kuchaytirishi mumkin bo‘lgan ichki va tashqi xatarlar saqlanib qolmoqda.

Avgust oyida O‘zbekistonda umumiy inflatsiya 6,2 foizgacha sekinlashdi. Bazaviy inflatsiya esa 5,5 foiz atrofida shakllandi.

Shunga qaramay, yillik narx o‘sishi 5 foizdan yuqori bo‘lgan tovar va xizmatlar ulushining ortishi iqtisodiyotda barqaror narx bosimlari saqlanayotganini ko‘rsatmoqda.

Inflyatsion kutilmalar ham pasaydi

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, aholi va tadbirkorlik subyektlarining inflyatsion kutilmalari pasayishda davom etgan. Biroq kutilmalarning pasayish sur’ati umumiy inflatsiyaga qaraganda sekinroq bo‘lmoqda.

Bu narxlarni belgilash jarayonida inflyatsion inersiya, ya’ni avvalgi narx o‘sishining keyingi davrlarga ta’siri hali ham mavjudligini anglatadi.

Kreditlar o‘sishi sekinlashdi

Chakana savdo, xizmatlar va investitsiyalar sohasidagi ijobiy dinamika ichki talab faolligini saqlab qolayotganini ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, so‘nggi oylarda yalpi talabning ayrim tarkibiy qismlarida barqarorlashuv belgilari paydo bo‘lgan.

Markaziy bankga ko‘ra, amaldagi qat’iy pul-kredit sharoitlari ta’sirida iqtisodiyotga ajratilayotgan kreditlarning o‘sish sur’atlari bosqichma-bosqich maqbullashmoqda. Ijobiy real foiz stavkalari esa aholining jamg‘arishga moyilligini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Tashqi bozorlardagi narxlar xavfi

Jahon xomashyo, oziq-ovqat va energiya bozorlarida narxlarning yuqori darajada qolayotgani O‘zbekiston ichki bozoridagi inflatsiya uchun tashqi xavflarni saqlab turibdi.

Markaziy bank bu bosimlar import narxlari, shuningdek, transport va logistika xarajatlari orqali ichki narxlarga ta’sir qilishi mumkinligini qayd etdi.

Bunda tashqi narx shoklarining ichki inflatsiyaga ikkilamchi ta’siri ichki talabning qanday shakllanishi va hukumat tomonidan ko‘riladigan tarkibiy choralar bilan bog‘liq bo‘ladi.

Ayrim asosiy savdo hamkorlari valutalarining qadrsizlanishi fonida so‘mning real samarali almashuv kursi yil davomida mustahkamlanayotgani esa import orqali keladigan inflyatsion bosimni yumshatuvchi omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Tariflar va tartibga solinadigan narxlar

Markaziy bank tartibga solinadigan narxlarni erkinlashtirish jarayoni davom etayotgani ishlab chiqarish xarajatlari va xizmatlar narxlarida ikkilamchi inflyatsion ta’sirlarni kuchaytirishi mumkinligini bildirdi.

Shu sababli regulyator inflyatsion xatarlarning uzoq davom etuvchi narx bosimiga aylanishining oldini olish, ularning ikkilamchi ta’sirini kamaytirish va inflyatsion kutilmalarning izchil pasayishini ta’minlash uchun qat’iy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolish zarur, degan xulosaga kelgan.

Markaziy bank inflatsiya va inflyatsion kutilmalar, ichki talab hamda tashqi iqtisodiy sharoitlardagi o‘zgarishlarni kuzatishda davom etadi.

Regulyatorning maqsadi — 2027-yil yakuniga qadar inflatsiyani 5 foizlik target darajasiga tushirish.

Ma’lumot uchun, regulyator oxirgi marta 2024-yilning 20-martida asosiy stavka 13,5 foizdan 0,5 foizga oshirilgan edi. Shundan beri o‘zgarishsiz qolmoqda.

Markaziy bank boshqaruvning asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2026-yil 28-oktabr kuni o‘tkaziladi.

Teglar

Mavzuga oid