Logo

Raqobat qo‘mitasi mobil aloqa operatorlari ustidan o‘rganish boshlandi

Bugun 13:232 daqiqa

O‘zbekistonda ayrim mobil aloqa operatorlari yaqin kunlarda tariflari narxini oshirishni e’lon qildi. Bu esa iste’molchilar orasida e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Qo‘mita ushbu qarorlarning asosliligini o‘rganishni boshladi.

Raqobat qo‘mitasi mobil aloqa operatorlari ustidan o‘rganish boshlandi © Gazeta.uz

O‘zbekistonda ayrim mobil aloqa operatorlari tarif narxlarini oshirishni rejalashtirayotgani ortidan Raqobat qo‘mitasi ushbu qarorlarning asosliligini o‘rganishni boshladi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, iste’molchilar internet trafik hajmi oshirilganiga qaramay, aloqa sifati yetarli darajada ta’minlanmayotganidan norozi.

Shuningdek, foydalanilmagan internet trafikning keyingi oyga o‘tkazilmasligi va tarif narxlarining oshishi internet hajmidagi o‘zgarishlarga mutanosib emasligi ham e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Operatorlarga qanday talablar bor?

Qo‘mita o‘rganish davomida operatorlar tomonidan raqobat qoidalariga zid yoki iste’molchilar huquqlarini kamsituvchi harakatlar aniqlansa, belgilangan tartibda tekshiruv o‘tkazilishini bildirdi. Qoidabuzarliklar tasdiqlangan taqdirda, amaldagi qonunchilikka muvofiq choralar ko‘riladi.

Avvalgi o‘rganishlar natijalari

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil va 2026-yilning dastlabki-to‘qqiz oyida mobil aloqa operatorlari faoliyatidagi bir qator kamchiliklar bartaraf etilgan.

Jumladan, «Beeline» kompaniyasida oylik abonent to‘lovini yechish uchun hisobda mablag‘ yetarli bo‘lmaganda, abonentni ogohlantirmasdan avtomatik ravishda kunlik tarifga o‘tkazish amaliyoti bekor qilingan.

Bundan tashqari, davlat organlarining 100 dan ortiq qisqa raqamli ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilish bepul qilingan.

«Mobiuz» kompaniyasida ayrim tarif rejalariga o‘tish bilan bog‘liq texnik cheklovlar bartaraf etilgan. Shuningdek, tarif shartlari haqida iste’molchilarga to‘liq ma’lumot berish ta’minlangan.

«Ucell» kompaniyasining uyali aloqa xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ommaviy ofertasi ham qayta ko‘rib chiqilgan. Unga moddiy va ma’naviy zarar uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi talablar kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Raqobat qo‘mitasi kredit to‘lovlari bo‘yicha Markaziy bankka taklif yuborgandi. Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, ayrim banklarda oylik kredit to‘lovidan ortiqcha o‘tkazilgan mablag‘lar asosiy qarzni so‘ndirishga yo‘naltirilmay, tranzit hisobvaraqlarda qolib ketmoqda. Buning oqibatida asosiy qarz kamaymay, unga foiz hisoblanishi davom etmoqda.

Teglar

Mavzuga oid