
Atom stansiyalari xavfsizligi bo‘yicha yangi talablar tasdiqlandi
08.10.2025 | 21:008703
Atom elektr stansiyalarida xavfsizlik tahlilini amalga oshirish tartibini belgilaydigan yangi me’yoriy hujjat kuchga kirdi.

Adliya vazirligi 2025 yil 8 oktyabrda «Atom elektr stansiyasi blokining ehtimoliy xavfsizlik tahliliga qo‘yiladigan talablar»ni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Mazkur talablar atom elektr stansiyalarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik darajasini baholash bo‘yicha yagona mezonlarni belgilaydi. Ehtimoliy xavfsizlik tahlili orqali blokning ishonchliligi, texnik xavflar va og‘ir avariyalar ehtimoli hisoblanadi hamda ularni normativ chegaralar bilan taqqoslash imkoni yaratiladi.
Tahlil natijalari stansiya xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ustuvor choralarni belgilash, tizimlarni modernizatsiya qilish ta’sirini baholash, shuningdek, nazorat va tekshiruv ishlarini rejalashtirishda qo‘llaniladi. Shu orqali loyihaviy va loyihadan tashqari avariyalar uchun boshlang‘ich hodisalar ro‘yxati shakllantiriladi.
Qonunga ko‘ra, ehtimoliy xavfsizlik tahlili natijalaridan quyidagi maqsadlarda foydalanilishi mumkin:
Xavfsizlik uchun muhim bo‘lgan atom elektr stansiyasi bloki tizimlarining ishonchliligini baholash;
Nazorat va tekshiruv ishlarini rejalashtirish va baholash;
Loyihaviy avariyalar uchun boshlang‘ich hodisalar ro‘yxatini asoslash;
Loyihadan tashqari avariyalar ro‘yxatini asoslash.
Ehtimoliy xavfsizlik tahlilini o‘tkazish uchun atom elektr stansiyasini ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot mas’ul hisoblanadi.





