add

Attestatsiyadan norozi o‘qituvchilar sudda yutqazdi

09.09.2025 | 13:0015344

Toshkentda o‘tgan sudda attestatsiyadan norozi o‘qituvchilarning vazirlikka qarshi sud da’vosi ko‘rib chiqilib, ularning imtihonni qayta o‘tkazish talabi rad etildi.

Attestatsiyadan norozi o‘qituvchilar sudda yutqazdi
8 sentyabr kuni Toshkentda ona tili va adabiyot fanidan dars beradigan o‘qituvchilarning da’vosi bo‘yicha sud ishi yakunlandi. Ular Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligidan attestatsiya imtihonlarini qayta o‘tkazish va ma’naviy ziyonni qoplashni talab qilgan edi. Bu haqda Xalqtalimiinfo kanalining xabar berdi. Sud to‘rt marotaba muhokama qilingan ishda o‘qituvchilarning da’vosini asossiz deb topdi va vazirlik foydasiga qaror chiqardi. Sudya Guli Shukurlayeva raisligida o‘tgan majlislarda da’vogar Abbror Kamolov, uning advokati, vazirlik vakillari hamda attestatsiya jarayonlarini tashkil etgan mas’ul shaxslar ishtirok etdi. O‘qituvchilarning vakillari test savollari xalqaro talablarga mos kelmasligini, ular aprobatsiyadan o‘tkazilmaganini va natijalar adolatli baholanmaganini ta’kidlashdi. Ammo vazirlik yuristlari barcha test materiallari xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgani va aprobatsiyadan o‘tkazilganini bildirdi. Shuningdek, tizim xalqaro tashkilot tomonidan akkreditatsiya qilingani eslatib o‘tildi. Sud da’vogar tomonining yangi ekspertlar tayinlash to‘g‘risidagi iltimosnomasini ham rad etdi. Natijada o‘qituvchilarning attestatsiyani qayta o‘tkazish va ma’naviy ziyonni qoplash talabi qondirilmadi. Shu bilan birga, sud qaroridan norozi bo‘lgan pedagoglar yuqori instansiyaga apellyatsiya berishi mumkinligi ma’lum qilindi. Eslatib o‘tamiz, joriy yilda 190 mingga yaqin pedagog attestatsiyada ishtirok etgan bo‘lib, ularning qariyb 59 foizi imtihondan o‘ta olmagan. Bu jarayon davomida ijtimoiy tarmoqlarda savollar sifati va baholash jarayoni haqida turli noroziliklar bildirilgandan so‘ng bir guruh o‘qituvchilar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligini sudga bergan edi.

Teglar

Mavzuga oid