add

Avazada Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedov bilan yuzma-yuz muzokara o‘tkazdi

22.08.2025 | 14:0027543

Uchrashuvda O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari siyosiy, iqtisodiy va savdo sohalaridagi strategik sheriklik masalalarini muhokama qildi.

Avazada Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedov bilan yuzma-yuz muzokara o‘tkazdi
22 avgust kuni «Avaza» milliy turizm zonasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan yuzma-yuz suhbat va rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi uchrashuvda ishtirok etdi. Suhbat avvalida turkman yetakchisi davlatimiz rahbariga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning salomini yetkazdi. Prezident Mirziyoyev Turkmaniston rahbariyati va qardosh xalqni BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasini muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi. Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalar sur’at bilan rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Joriy yil boshidan beri tovar ayirboshlash hajmi 700 mln dollarga yetdi. Fevraldan buyon ikki mamlakat erkin savdo rejimida ishlamoqda, poytaxtlarda savdo uylari ochilgan. Sanoat, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligida qator qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Uchrashuvda «Shovot–Toshovuz» savdo zonasini ishga tushirish ishlari yakunlanayotgani ma’lum qilindi. Shuningdek, oliy darajadagi bo‘lajak uchrashuvlarga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiyalar, ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari va madaniy tadbirlarni samarali o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi. Yetakchilar Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining bo‘lajak yettinchi Maslahat uchrashuvi kun tartibi yuzasidan ham fikr almashdilar. Shu munosabat bilan «Ozarboyjon–Turkmaniston–O‘zbekiston» formatidagi muzokaralar ahamiyati qayd etildi.

Teglar

Mavzuga oid