
Avgustgacha Putin va Zelenskiy uchrashishi mumkinmi?
25.07.2025 | 20:2043994
Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi muzokaralarni avgust oxirigacha o‘tkazish imkoniyati haqida gapirdi.

Rossiya va Ukraina prezidentlarining uchrashuvi Kiyev taklif qilganidek, avgust oyi oxirigacha bo‘lib o‘tishi ehtimoldan uzoq. Bu haqda Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy peskov ma’lum qildi, deya yozmoqda Meduza.
«Oliy darajadagi uchrashuv muzokaralar yakuniga nuqta qo‘yishi va ekspertlar ishi davomida ishlab chiqilishi lozim bo‘lgan kelishuvlarning shartlarini belgilashi mumkin va kerak. Buni teskarisiga qilib bo‘lmaydi. Shunday murakkab jarayonni 30 kun ichida yakunlash mumkinmi? Aniq aytish mumkinki, bu juda qiyin», - dedi Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov brifingda.
Kreml vakili, shuningdek, Rossiya va Ukraina delegatsiyalari muzokaralarning ikkinchi bosqichida almashgan memorandumlar loyihalari «bir-biriga butunlay qarama-qarshi» ekanini ta’kidladi. «Ularni qisqa vaqt ichida muvofiqlashtirish imkonsiz, buning uchun juda murakkab diplomatik ishlar olib borish zarur», - deya qo‘shimcha qildi u.
Istanbulda 23 iyul kuni o‘tkazilgan Rossiya-Ukraina muzokaralarining uchinchi bosqichi yakuniga ko‘ra, Kiyev delegatsiyasi avgust oyi oxirigacha Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy o‘rtasida shaxsiy uchrashuv o‘tkazishni taklif qilgan. Ushbu uchrashuvda Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Donald Tramp ham ishtirok etishlari mo‘ljallangan.
Ukraina prezidentining ta’kidlashicha, Rossiya-Ukraina muzokaralarida uzoq vaqtdan keyin birinchi marta Kreml tomonidan rahbarlar uchrashuvining imkoniyati haqida ishora berildi. «Biz rahbarlar darajasidagi uchrashuv masalasini doimo oshkora tarzda ko‘tarib kelganmiz. Endi ular ham biz bilan suhbatda bu haqda gapira boshladilar. Bu allaqachon ma’lum bir uchrashuv formatiga tomon harakat», - dedi Zelenskiy Ukraina ommaviy axborot vositalari bilan suhbatda.





