
Avstraliya izidan: Qozog‘iston ham bolalarni telefondan uzoqlashtirmoqchi
Qozog‘iston hukumati bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklashga qaror qildi.

Qozog‘iston Respublikasi hukumati voyaga yetmaganlarning internetdan foydalanish xavfsizligini ta’minlash maqsadida ijtimoiy tarmoqlarga kirishni cheklash bo‘yicha yangi qonun loyihasini ishlab chiqdi.
Mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari — madaniyat va axborot vaziri Aida Balayevaning ma’lum qilishicha, yangi tartibga ko‘ra, 16 yoshga to‘lmagan bolalarning onlayn platformalarda ro‘yxatdan o‘tishi taqiqlanishi ko‘zda tutilmoqda.
Qonun loyihasi muhokama bosqichida
Qayd etilishicha, mazkur o‘zgartirishlar ekspertizadan o‘tkazilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Uni samarali amalga oshirish uchun Ta’lim vazirligi hamda Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda foydalanuvchilarning yoshini tekshirish mexanizmlarini ishlab chiqish, zarur hollarda javobgarlik choralarini ko‘rish rejalashtirilgan.
Asosiy maqsad — bolalarni himoya qilish
Qonun loyihasiga ilova qilingan tushuntirish xatida ushbu tuzatishlardan asosiy maqsad «bolalarni onlayn platformalarda tarqatiladigan zararli va noqonuniy kontentdan himoya qilish» ekani aytilgan.
Global tendensiya
Shuni alohida qayd etish lozimki, Qozog‘iston bu borada cheklovlar joriy etayotgan yagona davlat emas, balki ushbu yo‘nalishdagi global tendensiyaga qo‘shilmoqda. Hozirda Buyuk Britaniya, AQSH, Xitoy va Avstraliya kabi mamlakatlarda ham voyaga yetmaganlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning turli yosh chegaralari va qat’iy qoidalari amal qilmoqda yoki faol muhokama qilinmoqda.





