
Avstraliyada 16 yoshgacha bo‘lganlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi taqiqlandi
Dunyoda birinchi marta Avstraliyada 16 yoshga to‘lmaganlar uchun Facebook, Instagram va TikTok kabi tarmoqlardan foydalanish qonunan man etildi. Talabga amal qilmagan platformalarga katta jarima qo‘llaniladi.

Avstraliya bolalarni onlayn xavflardan muhofaza qilish maqsadida jahonda birinchi bo‘lib ijtimoiy tarmoqlar uchun minimal yosh talabini joriy etdi.
«Online Safety Amendment (Social Media Minimum Age) Act 2024» qonuniga muvofiq, 2025 yil 10-dekabrdan boshlab 16 yoshga to‘lmagan shaxslarga ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt yaratish va foydalanish taqiqlanadi.
Yangi tartib Facebook, Instagram, TikTok, Snapchat, X, YouTube, Reddit, Discord va boshqa yirik platformalarga to‘liq tatbiq etiladi.
Qonun talabi fuqarolar yoki ota-onalarga emas, balki platformalarning o‘ziga yuklatiladi. Shu bois kompaniyalar yoshga oid cheklovga rioya qilish, 16 yoshga yetmagan foydalanuvchilarni aniqlash va ularning akkauntlarini o‘chirish yoki bloklash bo‘yicha chora ko‘rishi shart.
Talab buzilsa, 49,5 million Avstraliya dollarigacha jarima qo‘llanilishi mumkin. Elektron xavfsizlik bo‘yicha komissar qonun ijrosini nazorat qiladi.
Rasmiylar bu qadam bolalarni jazolashga qaratilmaganini, balki platformalarni mas’uliyatli yondashuvga undashni maqsad qilganini ta’kidlamoqda.
Hukumatning fikricha, o‘smirlar ijtimoiy tarmoqlar ta’siriga tushmasdan oldin tanqidiy fikrlash va raqamli savodxonlikni rivojlantirish uchun vaqtga ega bo‘lishi kerak.
Texnologiya kompaniyalari esa yangi talablar bo‘yicha ish boshlanganini ma’lum qilgan. Meta 450 dan ortiq avstraliyalik o‘smirga akkauntlarni o‘chirish yoki 16 yoshgacha muzlatib qo‘yishni taklif qilmoqda.TikTok esa xulq-atvor tahlillariga tayanib, taxminan 200 mingta yosh foydalanuvchini deaktivatsiya qilishni rejalashtirmoqda.
Shu bilan birga, yangi cheklovning samarasi borasida bahslar ham mavjud. 140 dan ziyod olim va huquq himoyachilari qat’iy taqiq o‘smirlarni nazorati past raqobatchi platformalarga o‘tib ketishiga olib kelishi mumkinligini tanqid qilmoqda. Platformalardan pasport kabi hujjatlarni majburiy so‘rash talab etilmagani ham amaliyotda qiyinchilik tug‘dirishi mumkin.
Shunga qaramay, Avstraliya hukumati mamlakat «xavfsiz raqamli muhit» yaratish yo‘lida global eksperiment maydoniga aylanganini ta’kidlab, bu tashabbus kelgusida boshqa davlatlarga namuna bo‘lishi mumkinligini bildirmoqda.





