Avtokredit stavkalari pasaytiriladi

Bugun 15:251 daqiqa

Shavkat Mirziyoyev aholining mahalliy avtomobillarga talabini rag‘batlantirish maqsadida avtokredit stavkasini pasaytirish va hajmini oshirish chorasini ko‘rish vazifasini topshirdi.

Avtokredit stavkalari pasaytiriladi

Shavkat Mirziyoyev aholining mahalliy avtomobillarga talabini rag‘batlantirish maqsadida avtokredit stavkasini pasaytirish va hajmini oshirish chorasini ko‘rish topshirig‘ini berdi. Bu haqda 13-fevral kuni Prezident raisligida o‘tgan tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda yiliga 650 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega 4 ta yirik korxona bor.

2026 yilda 300 dan ziyod mahalliy korxonalar bilan kooperatsiya asosida yana 763 ta detalni ishlab chiqarishni boshlash muhim ekani ta’kidlandi. Ishlab chiqariladigan avtomobillar sonini 510 mingga yetkazish zarur.

Dehqon va fermerlarda bog‘dorchilik traktori, ko‘chat ekadigan, hosil yig‘adigan, kartoshka kovlaydigan agrotexnikalarga talab ortib bormoqda.

Chirchiqdagi klaster to‘liq quvvatda ishlab, agrotexnikalarni arzon narxda chiqarsa, lizing kompaniyalari bilan qulay moliyaviy instrumentlar qilib berilsa, dehqon va fermerlar yiliga kamida 15 mingta texnikani sotib olishga tayyor.

Umuman, avtomobil sanoati mutasaddilariga har bir imkoniyatni mana shunday tahlil qilib, joriy yilgi ishlab chiqarish dasturini 10,5 foizlik o‘sishni ta’minlashga moslab qayta ko‘rib chiqish topshirildi.

Ma’lumot uchun, Markaziy bankning 9-fevralda e’lon qilgan ma’lumotlariga ko‘ra, avtokreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 23 foiz. O‘tgan oyda bu ko‘rsatkich 23,2 foiz, yarim yil oldin esa 23,8 foiz edi.

Teglar

Mavzuga oid