
Avtosalon xaridorga sotgan nuqsonli «Onix» yangisiga almashtirib berildi
«Onix Premier» rusumli avtomobilni sotib olgan xaridor uning tomida bo‘yalgan joylari borligini aytganda, avtosalon zararni qoplashni rad etgan.

Shunda fuqaro Raqobat qo‘mitasiga murojaat qilib, 221,6 mln so‘mga narxda, 50 foiz boshlang‘ich to‘lov asosida «Onix Premier» avtomobilini sotib olganligi, unda nuqsonlar borligi, uni yangisiga almashtirib berishlarida yordam so‘ragan.
Murojaatda qayd etilishicha, iste’molchi avtomobilga gaz balloni o‘rnatish maqsadida servis tekshiruviga olib borganida, kuzovning ustki qismida bo‘yalgan joylar aniqlangan. U bu holat yuzasidan avtosalon rahbariyatiga murojaat qilgan.
Biroq avtosalon tomonidan avtomobilni yangisiga almashtirib berish rad etilgan. Shu bois, iste’molchi Qo‘mitadan avtomobil bilan bog‘liq 10,5 mln so‘m xarajatlarni qaytarishda amaliy yordam so‘ragan. Qo‘mita tomonidan masalaga oydinlik kiritish maqsadida «UzAvto Motors» AJ bilan hamkorlikda murojaat o‘rganib chiqildi.
O‘rganish natijasiga ko‘ra, Qo‘mita sa’y-harakatlari bilan iste’molchiga mashinani sotgan avtosalon tomonidan xuddi shu rusumdagi yangi avtomashina yetkazib berildi va avtomobil bilan bog‘liq 10,5 mln so‘m xarajatlar ham to‘liq qoplab berildi.





