add

Avtosug‘urta 4 barobar qimmatladi, ammo tizim o‘zgarmadi

Kecha 19:504 daqiqa

1-yanvardan boshlab O‘zbekistonda majburiy avtosug‘urta xizmatlari narxi 4 barobarga oshdi, biroq mexanizmda hech qanday o‘zgarish kuzatilmadi.

Avtosug‘urta 4 barobar qimmatladi, ammo tizim o‘zgarmadi

1-yanvardan boshlab O‘zbekistonda majburiy avtosug‘urta xizmatlari narxi 4 barobar oshdi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining qarorida ma’lum qilingan.

Majburiy avtosug‘urta narxlari sezilarli darajada oshganiga qaramasdan, sug‘urta tizimining ishlash mexanizmi o‘zgarishsiz qolgan.

Majburiy avtosug‘urta narxlari

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yengil avtomobil egalari uchun haydovchilar soni cheklangan majburiy fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish 192 ming so‘m etib belgilandi. Ilgari bu summa 48 ming so‘mni tashkil etgan. Haydovchilar soni cheklanmagan VIP-polis esa 384 ming so‘mga yetdi. Avval u 96 ming so‘m bo‘lgan.

Respublikaning boshqa hududlarida narxlar nisbatan pastroq. Xususan, yengil avtomobillar uchun cheklangan polis 160 ming so‘m, cheklanmagan polis esa 320 ming so‘m etib belgilandi.

Yuk avtomobillari egalari uchun majburiy sug‘urta qilish yanada qimmatlashdi. Jumladan, Toshkent shahri va viloyatida Labo turidagi yuk avtomobillari uchun sug‘urta narxi 336 ming so‘mdan 672 ming so‘mgacha oshdi.

 

Majburiy avtosug‘urta polislari narxlari (eski va yangi tariflar)

Transport turi va hudud

Polis turi

Ilgari (so‘m)

Hozir (so‘m)

Toshkent shahri va viloyati

Yengil avto, haydovchilar soni cheklangan

48 000

192 000

Toshkent shahri va viloyati

Yengil avto, haydovchilar soni cheklanmagan (VIP)

96 000

384 000

Boshqa hududlar

Yengil avto, haydovchilar soni cheklangan

40 000

160 000

Boshqa hududlar

Yengil avto, haydovchilar soni cheklanmagan

80 000

320 000

Toshkent shahri va viloyati

Yuk avtomobili (Labo turi)

336 000

672 000

Nega narxlar oshirildi?

Izohlanishicha, majburiy avtosug‘urta narxlarining oshishiga sug‘urta kompaniyalari ko‘rayotgan katta moliyaviy zarar asosiy sabab bo‘lgan. Xususan, Toshkent shahrida sug‘urta to‘lovlari darajasi 146 foizga yetgan. Bu har 100 so‘m yig‘ilgan sug‘urta badali evaziga 146 so‘m miqdorida to‘lov amalga oshirilganini anglatadi.

Shuningdek, amaldagi majburiy sug‘urta limitlari real yo‘l-transport hodisalarida yetkazilgan zararni qoplash uchun yetarli bo‘lmagan. Ilgari belgilangan 14 million so‘mlik limit hatto kichik avariyalarda ham ta’mirlash xarajatlarini to‘liq qoplamagan.

Yangi tizim doirasida umumiy sug‘urta qoplamasi 40 million so‘mdan 80 million so‘mga oshirildi. Ushbu summa doirasida 28 million so‘mi boshqa transport vositasiga yetkazilgan moddiy zararni qoplashga, 52 million so‘mi esa sog‘liqqa yetkazilgan zararni qoplashga yo‘naltiriladi.

Qayd etilishicha, ushbu o‘zgarishlar majburiy sug‘urtasining imkoniyatlarini kengaytirgan bo‘lsa-da, qimmat avtomobillar ishtirokidagi yirik yo‘l-transport hodisalarida to‘liq moliyaviy himoyani kafolatlamaydi.

Shu bilan birga, 2025 yil 31-dekabr kuni majburiy polislarini rasmiylashtirgan haydovchilar 2026 yil davomida eski tariflar asosida harakatlanadi. Ular kamroq sug‘urta qoplamasiga ega bo‘lsa-da, yangi tariflar bilan solishtirganda o‘rtacha 150 ming so‘mga yaqin mablag‘ni tejab qolgan.

Iqtisodchi nima deydi?

Iqtisodchi Otabek Bakirov “Avval iqtisod…” dasturida ta’kidlashicha, avtosug‘urta narxi bir necha yil davomida oshirilmagani sababli bu xizmat amalda faqat rasmiy talabni bajarish uchun olinadigan “galochka”ga aylanib qolgan.

«Bizda sug‘urta shunaqa hujjatlar ichida “sug‘urtangiz bormi?” deganda “ha, bor” deb aytish uchungina olinadigan galochka bo‘lib qolgan», — dedi Bakirov.

Iqtisodchiga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan holatlarda haydovchilarning katta qismi sug‘urta kompaniyalariga murojaat qilmaydi. Sababi — sug‘urta orqali tovon undirish jarayonining murakkab va samarasiz ekani. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlarini chaqirish, hodisani rasmiylashtirish, baholash, tomonlarni kelishtirish va sud orqali kompensatsiya olish ko‘p vaqt va xarajat talab qiladi.

Shu bois ko‘plab haydovchilar “ko‘rmaylik ham, kuymaylik ham” tamoyili asosida muammoni o‘zaro kelishuv orqali hal qilishni afzal ko‘rib kelgan. Natijada sug‘urta real ishlamaydigan tizimga aylangan.

Bakirov ta’kidlashicha, rivojlangan davlatlarda, xususan AQSH va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida avtosug‘urta samarali ishlaydi. “Yevropa protokoli”ga ko‘ra, agar yo‘l-transport hodisasida jabrlanuvchi bo‘lmasa, tomonlar o‘zaro sug‘urta ma’lumotlarini almashtirishi kifoya, qolgan jarayonni sug‘urta kompaniyasi hal qiladi

«Narx oshgandan keyin shu tizim bizga ham kirsa kerak, deb o‘ylagandim. Afsuski, hech narsa o‘zgarmadi. Shunchaki narxi oshdi», — dedi iqtisodchi.

Uning fikricha, sug‘urta tizimi yaxshi haydovchilarni rag‘batlantirish va qoidabuzarlarni jazolash mexanizmiga aylanishi kerak edi. Qoidalarni buzmaydigan haydovchilar uchun sug‘urta arzonlashishi, tez-tez jarima oladiganlar uchun esa qimmatlashishi lozim. Biroq bunday yondashuv O‘zbekistonda joriy etilmagan.

Iqtisodchi ta’kidlashicha, yangi jarimalar joriy etish o‘rniga, haydovchining xulqi va yo‘l harakati xavfsizligiga munosabatiga qarab sug‘urta narxini belgilash tizimi joriy etilganida, bozor mexanizmlari ancha samarali ishlagan bo‘lar edi.

Avtosug‘urta 4 barobar qimmatladi, tizim o‘zgarmadi

O‘zbekistonda majburiy avtosug‘urta narxi 4 barobar oshdi, ammo tizim isloh qilinmadi. Narxlar, sabablar va iqtisodchi izohi.

 

 

 

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 45

Barchasi

Mavzuga oid