
«Avval iqtisod...» #9: Minimal iste’mol xarajatlari, «Yandex Go» komissiyasi va onlayn firibgarlar
Iqtisodchi Otabek Bakirov bilan haftalik iqtisodiy tahliliy ko‘rsatuvning navbatdagisida Minimal iste’mol xarajatlarini qanday oshirish, taksi narxlarining oshishi sabablari va oqibatlari, onlayn firibgarlarga qarshi yangi tartib va boshqa mavzular tahlil qilindi.
Minimal iste’mol xarajatlari an’anaviy tarzda 20-yanvardan oshirilmadi. Kambag‘allik ko‘rsatkichi qanday bo‘lishi kerak? Nega Toshkent shahridagi tuman va uzoq hududlardagi tumanlarda minimal iste’mol xarajatlari farqli bo‘lishi kerak. Unda nimalar hisobga olinmayapti?
Metan to‘ldirish shoxobchalaridagi vaqtinchalik cheklovlar qachongacha davom etadi? Nega bu borada axborot berilmayapti.
Qishning sovuq kunlarida metan tortilib qolgani sababli, taksi haydovchilari qimmat benzinda harakatlanishga majbur bo‘lishmoqda. Bu esa yo‘lkira narxining keskin ko‘tarilishiga olib kelmoqda va bundan eng ko‘p foyda qiladigan «Yandex Go» agregatori bo‘lmoqda. Xo‘sh, agregator komissiyasi nega cheklanmayapti?
Aviatsiyani rivojlantirish uchun loukosterlar O‘zbekistonga kiritiladimi? Shunday qilinsa mahalliy qatnovlarning yanada rivojlanishi va aviachiptalarning, aviayonilg‘ilar narxining pasayishiga olib kelishi haqida.
Kiberjinoyatlar hajmi 68 barobarga oshgan. Onlayn firibgarlardan himoya qilish uchun yangi tartib ishga tushirilmoqda. Bir kun davomida faqat bitta bankdan onlayn kredit rasmiylashtirish mumkin bo‘ladi.


