Ayollar bandligi uchun 25 trln so‘m ajratiladi

06.03.2026 | 15:372 daqiqa

«Hamroh» dasturi doirasida xotin-qizlarning 3 mingta loyihasiga jami 1 trillion so‘m ajratiladi.

Ayollar bandligi uchun 25 trln so‘m ajratiladi

O‘zbekistonda joriy yilda 1,5 million nafar xotin-qizni daromadli qilish va ularning 400 mingini tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur amalga oshiriladi. Bu maqsadlar uchun 25 trillion so‘mdan ortiq moliyaviy resurs yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Prezident Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘layotgan tantanali tadbirda e’lon qildi.

Joriy yilda 166 ming nafar xotin-qiz zamonaviy kasb va tadbirkorlikka o‘qitiladi. Yana 100 ming nafar ayol axborot texnologiyalari sohasida bilim oladi. Bu orqali ayollarning mehnat bozoridagi imkoniyatlari kengaytirilishi ko‘zda tutilgan.

«Daromadli ayol» dasturi

Shuningdek, ayollar uy sharoitida tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun «Daromadli ayol» dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu tashabbus doirasida lider tadbirkorlar ko‘magida kasanachilik, hunarmandchilik, parrandachilik, asalarichilik va tomorqachilik kabi yo‘nalishlarda 50 ming nafar xotin-qizning bandligi ta’minlanadi.

Bundan tashqari, «Hamroh» dasturi doirasida ayollar tomonidan amalga oshirilayotgan 3 mingta loyiha qo‘llab-quvvatlanadi. Mazkur tashabbuslar uchun jami 1 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan.

Xotin-qizlar uchun davlat granti kvotasi ikki barobarga oshiriladi

Ta’lim sohasida ham ayollarni qo‘llab-quvvatlash choralari kengaytirilmoqda. Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan qizlar soni 904 ming nafardan oshgan bo‘lib, bu umumiy talabalarning 54 foizini tashkil etadi.

Shu bilan birga, stajyor-tadqiqotchi va doktorantura bosqichida tahsil olayotganlarning 8,5 ming nafari, ya’ni 61 foizi xotin-qizlardan iborat. O‘tgan yili 60 nafar o‘zbekistonlik qiz dunyoning nufuzli universitetlariga o‘qishga kirgani ham ta’kidlandi.

Yangi o‘quv yilidan boshlab ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar uchun davlat granti kvotasi ikki barobarga oshirilib, 4 mingtaga yetkaziladi. Shuningdek, dunyoning top-300 talik universitetlari bilan qo‘shma ta’lim asosida magistraturada tahsil olayotgan talaba-qizlarning kontrakt to‘lovlari ham davlat tomonidan qoplab beriladi.

Bundan tashqari, har yili xotin-qizlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida kamida 10 ta yo‘nalish bo‘yicha startap tanlovlari o‘tkaziladi. Har bir yo‘nalish g‘olibiga Innovatsiya jamg‘armasidan 500 million so‘mgacha grant ajratiladi.

Teglar

Mavzuga oid