add

Ayrim fuqoralarga ijtimoiy kartalar orqali QQS ikki kunda qaytariladi

30.09.2025 | 16:3039453

Endi ijtimoiy kartalar orqali amalga oshirilgan xaridlarda to‘langan QQS qisqa muddatda qaytariladi, bu fuqarolarning mablag‘ aylanmasini yengillashtirishi kutilmoqda.

Ayrim fuqoralarga ijtimoiy kartalar orqali QQS ikki kunda qaytariladi
O‘zbekistonda ehtiyojmand fuqarolar uchun ijtimoiy kartalar orqali amalga oshirilgan xaridlardan qaytariladigan QQS tizimi soddalashtirildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi. Hukumat qarori bilan tasdiqlangan vaqtinchalik nizomga ko‘ra, oyiga eng ko‘pi 4,12 mln so‘mlik xaridlardan soliq qaytarilishi mumkin. Buning eng yuqori chegarasi 494 400 so‘mni tashkil qiladi, ya’ni sarflangan mablag‘ning 12 foiziga teng. Soliq qo‘mitasi avtomatlashtirilgan dastur orqali soliq summasini aniqlab, shu kundayoq Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuborishi belgilangan. Vazirlik esa G‘aznachilik orqali mablag‘larni qoplab, banklarga yo‘naltiradi. Keyin pullar bir ish kuni ichida ijtimoiy kartalarga o‘tkaziladi. Mazkur tizim davlat rahbari tashabbusi bilan 2024 yil fevralda e’lon qilingan edi. Ijtimoiy kartalar bir vaqtning o‘zida ham to‘lov vositasi, ham aholining ehtiyojmand qatlamini belgilaydigan vosita sifatida joriy etilmoqda. Prezident qaroriga ko‘ra, 2025 yildan boshlab mamlakat bo‘ylab ijtimoiy nafaqa va yordamlar aynan shu kartalar orqali taqdim etiladi. Shuningdek, nogironlik, talabalik yoki urush qatnashchisi maqomi kabi holatlarni tasdiqlashda ham ijtimoiy kartalardan foydalanish nazarda tutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid