
Ayrim talabalarning yotoqxona xarajatlari budjetdan qoplanadi
Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarining davlat yotoqxonalarida yashash xarajatlari budjet hisobidan to‘lab beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 28-yanvardagi 32-sonli qaroriga muvofiq, ayrim toifadagi talabalarning davlat oliy ta’lim muassasalari huzuridagi talabalar turar joylarida yashash xarajatlarini Davlat budjeti hisobidan qoplab berish tartibi joriy etildi. Ushbu qaror ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Imtiyoz kimlar uchun
Qarorga ko‘ra, mazkur imtiyozdan «Ijtimoiy reyestr»ga kiritilgan oilalarning kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan farzandlari foydalanishi mumkin. Talabaning grant yoki to‘lov-kontrakt asosida o‘qishi mazkur yordamni olishga ta’sir qilmaydi.
Hujjatda belgilanishicha, ushbu toifadagi talabalar davlat oliy ta’lim muassasalari yotoqxonalariga ustuvor tartibda va navbatsiz qabul qilinadi. Bu orqali ijtimoiy ahvoli og‘ir bo‘lgan talabalar uchun yashash sharoitlarini yengillashtirish maqsad qilingan.
Talabalar turar joylarida bo‘sh o‘rinlar bo‘lmasachi?
Agar davlatga tegishli talabalar turar joylarida bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lmasa, talabalar davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilgan turar joylarga joylashtirilishi mumkin. Bunda ham yashash xarajatlari davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.
To‘lovlar har oyning 15-sanasiga qadar talabaning shaxsiy bank plastik kartasiga o‘tkazib beriladi. Mazkur tartib shaffoflikni ta’minlash va mablag‘larni o‘z vaqtida yetkazib berishga qaratilgan bo‘lib, talabalarning ta’lim olishiga to‘siq bo‘luvchi moliyaviy omillarni kamaytirishga xizmat qiladi.





