
A’zo ko‘chirish mehnat qobiliyatining 33 foizdan ortig‘i yo‘qolishiga olib kelsa, endi tibbiy xulosa berilmaydi
Transplantatsiya amaliyoti uchun tibbiy xulosalar berish tartibi belgilandi. Unga ko‘ra, qabul qiluvchi va tirik donor tibbiyot muassasalarida 3 oy ichida tibbiy tekshiruvlardan o‘tishi kerak.

21-noyabrda Adliya vazirligi Inson a’zolarini transplantatsiya qilish haqida retsipiyentlar va donorlarga tibbiy xulosalar berish bo‘yicha nizomni ro‘yxatdan o‘tkazdi.
Ushbu nizomda retsipiyent (qabul qiluvchi) va donorlarni tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazish hamda transplantatsiya amaliyoti uchun tibbiy xulosalar berish tartibi belgilandi. Unga ko‘ra, retsipiyent va tirik donor tibbiyot muassasalarida 3 oy ichida tibbiy tekshiruvlardan o‘tishi kerak.
Shuningdek, tibbiy tekshiruv xulosalariga ko‘ra transplantatsiya amaliyotiga ruxsat berish faqat Hukumatning 2024 yil 13-iyundagi 333-son qarorida ko‘rsatilgan davlat tibbiyot muassasalarining tibbiy konsiliumi tomonidan amalga oshiriladi.
Tibbiy konsilium retsipiyentga inson a’zolari va (yoki) to‘qimalari transplantatsiyasi amaliyotiga muhtojligi, donorga esa transplantatsiya amaliyotiga layoqatliligi to‘g‘risida tibbiy xulosani beradi yoki berishni rad etadi.
Jumladan, transplantatsiya amaliyoti insonning ko‘rish, nutq, eshitish qobiliyatining yo‘qolishi yoki ruhiyatning buzilishi, mehnat qobiliyatining 33 foizdan ortiq barqaror yo‘qolishiga sabab bo‘ladigan tarzda ziyon yetkazishiga olib kelsa retsipiyent va donorga tibbiy xulosani berish rad etiladi.





