
BAA va Isroil G‘azoga yordam yetkazishga kelishib oldi
21.05.2025 | 10:1516902
BAA va Isroil o‘rtasida G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamini yo‘llash bo‘yicha kelishuvga erishildi. Birinchi bosqichda 15 ming aholi oziq-ovqat bilan ta’minlanadi

Birlashgan Arab Amirliklari tashqi ishlar vaziri Abdulla bin Zoid Ol Nahayon va Isroil tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Gideon Saar o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar BAAdan G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Amirliklarning rasmiy axborot agentligi WAM xabariga ko‘ra, yordam dasturi dastlabki bosqichda 15 ming nafar falastinlik tinch aholini oziq-ovqat bilan ta’minlashni o‘z ichiga oladi. Bu tashabbus G‘azo sektoridagi murakkab gumanitar vaziyatni yengillashtirishga qaratilgan.
Bundan tashqari, BAA tomonidan novvoyxonalar uchun xom ashyo hamda chaqaloqlar uchun zarur mahsulotlarni yetkazib berish rejalashtirilgan. Bu jarayonlarda ikki davlatning muvofiqlashuvi ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Kelishuv G‘azodagi insonparvarlik inqirozini yumshatishga qaratilgan bo‘lib, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga ham hissa qo‘shishi kutilmoqda.





