
BAAda bolalar bog‘chasidan boshlab sun’iy intellekt o‘rgatilishi yo‘lga qo‘yildi
12.06.2025 | 12:2025763
BAA hukumati sun’iy intellekt fanini bolalar bog‘chasidan 12-sinfgacha bo‘lgan barcha davlat maktablarining majburiy o‘quv dasturiga kiritishni ma’qulladi. Bu tashabbus texnologiyalar davriga tayyorlangan yangi avlodni shakllantirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Birlashgan Arab Amirliklari sun’iy intellekt (SI) fanini bolalar bog‘chasidan boshlab maktab ta’limida majburiy ravishda o‘qitishni boshlaydi. Bu haqda mamlakat vitse-prezidenti va bosh vaziri shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, mazkur tashabbus BAAning uzoq muddatli texnologik strategiyasining bir qismi hisoblanadi.
Shayx Muhammad yoshlarni nafaqat SI texnologiyalarining texnik jihatlari bilan tanishtirish, balki ularda etik tushunchalarni ham shakllantirish muhimligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bolalar ma’lumotlar, algoritmlar, ularning jamiyat va kundalik hayotga ta’siri haqida ham bilim olishlari kerak.
Khaleej Times nashrining yozishicha, BAA ta’lim vaziri Sara bint Yusuf Ol Amiriy ushbu yangi dastur sun’iy intellektning asoslari, ma’lumotlar va algoritmlar bilan ishlash, dasturiy ta’minot qo‘llanilishi, etika, amaliyotdagi texnologiyalar, innovatsiyalar, SI orqali loyihalash, SI siyosati va jamiyatdagi ishtiroq kabi yo‘nalishlarni qamrab olishini ma’lum qildi.
Vazir ta’kidlashicha, o‘qituvchilar to‘liq metodik qo‘llab-quvvatlashga ega bo‘ladi — ularga dars rejalari, shablonlar va adaptatsiyaga mos o‘quv vositalari taqdim etiladi.
Bu tashabbus o‘tgan yili Dubay valiahdi shayx Hamdon bin Muhammad e’lon qilgan DUB.AI sun’iy intellekt strategiyasi doirasidagi qadamlardan biri bo‘lib, pedagoglar uchun SI texnologiyalari bo‘yicha keng ko‘lamli malaka oshirish dasturlari ham amalga oshirilmoqda.





