
Badiiy akademiya xodimlari maoshiga 200 foiz ustama belgilandi
08.07.2025 | 11:4039563
Prezident qarori bilan tasviriy va amaliy san’atni rivojlantirish bo‘yicha yangi choralar belgilandi. Endi Badiiy akademiya markaziy apparati va uning Qoraqalpog‘iston bo‘limi xodimlari davlat byudjeti hisobidan rag‘batlantiriladi.

Jumladan, ularning lavozim maoshiga 200 foizli ustama belgilanadi. Shuningdek, ko‘p yillik xizmat uchun 1 yildan 15 yilgacha bo‘lgan stajga qarab qo‘shimcha koeffitsiyentlar asosida ustama qo‘llaniladi. Bu imtiyozlar xizmat ko‘rsatuvchi va texnik xodimlardan tashqari barchaga taalluqli.
Hujjatga ko‘ra, O‘zbekistonning 2026—2027-yillarga mo‘ljallangan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida quyidagilar rejalashtirilmoqda:
– Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasining ko‘rgazma zalini rekonstruksiya qilish, zamonaviy galereya binosini qurish va 40 ta ijodiy ustaxonadan iborat Yosh rassomlar markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
– Milliy usulda qog‘oz tayyorlash bo‘yicha o‘quv-ishlab chiqarish ustaxonasini yaratish;
– Pavel Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabining qo‘shimcha o‘quv binosini qurish.
Qarorda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida ta’lim mazmunini boyitishga qaratilgan muhim o‘zgarishlar ham aks etgan. Bakalavriat va magistratura bitiruvchilariga maktablarda tasviriy san’at dars berish huquqi beriladi, professor-o‘qituvchilarning badiiy asarlari monografiyaga tenglashtiriladi.
Shuningdek, 2025-yil 1-iyuldan boshlab Badiiy akademiya markaziy apparati va uning Qoraqalpog‘iston bo‘limi xodimlari uchun davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan oylik rag‘batlantirish ustamasi belgilanadi:
xodimlarning lavozim maoshiga 200 foiz miqdorida;
xodimlarning lavozim maoshiga ko‘p yillik xizmat muddati uchun (xizmat ko‘rsatuvchi va texnik xodimlardan tashqari) koyeffitsiyent hisobida:
1 yildan 5 yilgacha — 0,3;
5 yildan 10 yilgacha — 0,6;
10 yildan 15 yilgacha — 0,9;
15 yildan ortiq — 1,2.





