add

Bahodir Jalolovning professional ringdagi navbatdagi jangi sanasi va raqibi ma’lum bo‘ldi

23.09.2025 | 16:2044993

Bahodirning professional boksdagi navbatdagi raqibi rossiyalik charm qo‘lqop ustasi bo‘lishi kutilmoqda.

Bahodir Jalolovning professional ringdagi navbatdagi jangi sanasi va raqibi ma’lum bo‘ldi
Olimpiada va Jahon chempioni, mashhur o‘zbek bokschisi Bahodir Jalolov yana professional ringga chiqadi. Yuz.uz nashrining xabar berishicha, o‘zbekistonlik o‘ta og‘ir vazn toifasidagi bokschi 6 oktyabr kuni Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tadigan IBA.PRO boks oqshomida ishtirok etadi. Unga raqib sifatida rossiyalik tajribali bokschi, kuni kecha 36 yoshini nishonlagan Vitaliy Kuduxov tayinlangan. Uning vazni 91 kg, bo‘yi 185 sm. Statistikaga ko‘ra, Kuduxov hozirgacha professional boksda 10 ta jang o‘tkazgan. Ularning 7 tasida g‘alaba (2 tasida nokaut bilan), 3 tasida esa mag‘lubiyatga uchragan.

Bahodir Jalolov so‘nggi marta 2025 yil aprelida ringga chiqqandi va u vaqtda Igor Shevadutskiyni hakamlar yakdil qarori bilan mag‘lub etgan. Bu gal u professional karerasida ilk bor Rossiyada jang qiladi. Hozirga qadar u AQSH, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Meksika va BAA kabi davlatlarda ringga chiqqan. Bahodirning hisobida hozirgicha 15 g‘alaba (14 ta nokaut bilan) va hech qanday mag‘lubiyat yo‘q.

Bahodir Jalolov uchun bu jang muhim ahamiyat kasb etadi, chunki u professional ringdagi mavqeini yanada mustahkamlash niyatida.

Teglar

Mavzuga oid