add

Bank faoliyati «sirli mijoz» orqali baholanadi

Bugun 11:151312 daqiqa

Kredit tashkilotlarida mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifati va qonun talablariga rioya etilishini tekshirishning yangi tartibi tasdiqlandi.

Bank faoliyati «sirli mijoz» orqali baholanadi

Kredit tashkilotlarida iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish talablariga amal qilinishini ta’minlash maqsadida «sirli mijoz» usulidagi nazorat tadbirlarini o‘tkazish tartibi belgilandi. Mazkur nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Hujjatga muvofiq, banklar va boshqa kredit tashkilotlarida moliyaviy xizmatlar iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirish jarayonida qonunchilik va belgilangan standartlarga rioya etilishi maxsus nazorat orqali baholanadi. Bu jarayonda «sirli mijoz» sifatida ishtirok etuvchi vakolatli xodimlar xizmat ko‘rsatish sifatini tekshiradi.

Nizomga ko‘ra, bunday nazorat tadbirlari Markaziy bank yoki uning hududiy filiallari mas’ul xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Tekshiruvlar bank filialiga bevosita chiqib yoki masofadan turib o‘tkazilishi mumkin.

Muhim jihati shundaki, nazorat tadbirlari kredit tashkilotini oldindan xabardor qilmagan holda amalga oshiriladi. Bu xizmat ko‘rsatishning real holatini aniqlash va mijozlar duch kelayotgan muammolarni yashirincha o‘rganish imkonini beradi.

Nazorat tadbirini o‘tkazish uchun Markaziy bank raisi o‘rinbosari yoki hududiy bosh boshqarma boshlig‘ining tegishli farmoyishi chiqariladi. Nazorat muddati odatda uch ish kunigacha etib belgilanadi, davomli operatsiyalar bo‘yicha esa jarayon yakunlangan kungacha davom etishi mumkin.

Nazorat tadbiri tugagach, «sirli mijoz» tomonidan dalolatnoma rasmiylashtiriladi. Unda xizmat ko‘rsatish jarayonida aniqlangan holatlar, qoidabuzarliklar va takliflar aks ettiriladi. Ushbu tartib bank xizmatlari bozorida shaffoflikni oshirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.

Teglar

Mavzuga oid

Bank faoliyati «sirli mijoz» orqali baholanadi | Vaqt.uz