add

Banklar oliygohlarda sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etadi

22.10.2025 | 10:301752

Prezident Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellekt sohasi uchun yiliga 2 ming nafar mutaxassis tayyorlayotgan oliygohlarning birortasida sun’iy intellekt laboratoriyasi yo‘qligini tanqid qildi.

Banklar oliygohlarda sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etadi

21 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Davlat rahbari yig‘ilishda sun’iy intellekt sohasidagi muhim muammoga e’tibor qaratdi — yillik 2 mingga yaqin mutaxassis tayyorlayotgan oliy ta’lim muassasalarining birortasida ham sun’iy intellekt laboratoriyasi mavjud emas. Shu munosabat bilan kelgusi o‘quv yiliga qadar 10 ta oliygohni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash rejasi bildirildi.

Yig‘ilishda banklar tomonidan ham tashabbus ko‘rsatilib, ularning har biri bittadan oliygohda sun’iy idrok laboratoriyasi tashkil etishi ma’qullandi. Jami 9 ta shunday markaz ochilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu davlat banklarining amaliyotini boshqa moliyaviy tashkilotlar uchun ham namunaga aylantiradi.

«Yangi O‘zbekiston» universiteti bazasida «tormoq – oliygoh – hamkor» tamoyili asosida «sun’iy intellekt klasteri» tashkil etiladi. Shuningdek, kelgusi o‘quv yilidan «TOP-300» ro‘yxatidagi yetakchi universitetlar bilan hamkorlikda sun’iy intellekt bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yiladi.

Prezident sun’iy intellekt, fintex, kiberxavfsizlik, axborot muhandisligi, aero-kosmik va bulutli texnologiyalar bo‘yicha davlat grantlari kvotalarini 35 foizga oshirishni taklif etdi. Talabalarning qiziqishini oshirish maqsadida oliygohlar o‘rtasida umummilliy tanlov tashkil etiladi.

Shuningdek, mahalliy startaplar uchun qulay ekotizim yaratilgani va yil boshidan buyon ularga 264 million dollar sarmoya yo‘naltirilgani qayd etildi. Biroq sun’iy intellekt yo‘nalishidagi loyihalar ulushi hali ham past ekani ta’kidlandi. Shu sabab, «Sun’iy idrok sohasidagi eng yaxshi startap» nominatsiyasida mukofot jamg‘armasi 1 million dollar bo‘lgan tanlov o‘tkazish taklifi bildirildi.

Teglar

Mavzuga oid