
Banklar orasidagi moliyaviy farq: «Ipoteka bank» zararda, «O‘zmilliybank» esa 1 trln so‘m foyda oldi
17.07.2025 | 19:1045693
2025 yilning birinchi yarmida «Ipoteka bank» 392,5 mlrd so‘m zarar ko‘rdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 304,5 foizga pasayishni ko‘rsatadi. Shu davrda «O‘zmilliybank» 1 trln so‘m sof foyda bilan yilning birinchi yarmini yakunladi.

«Ipoteka bank» 2025 yil birinchi yarim yillikka oid moliyaviy hisobotini e’lon qildi. Hisobotga ko‘ra, bank ushbu davrni 392,5 mlrd so‘m sof zarar bilan yakunladi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 304,5 foizga kamaygan.
Mazkur bank 2023 yilda Vengriyaning OTP Group moliya guruhiga xususiylashtirilgan edi. Undan so‘ng moliyaviy ko‘rsatkichlarda salbiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Solishtirish uchun, 2024 yilning shu davrida «Ipoteka bank» 191,8 mlrd so‘m sof foyda qayd etgan edi.
Shunga qaramay, bankning foizli daromadlari 7,2 foizga oshib, 5,5 trln so‘mni tashkil etdi. Foizsiz daromadlar esa 38,5 foizga ko‘tarilib, 2,1 trln so‘mga yetgan.
«O‘zmilliybank» 2025 yilning birinchi yarmida 1 trln so‘m sof foyda olganini ma’lum qildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,4 foizga yuqori natijadir. 2024 yilning shu davrida ushbu bankning sof foydasi 945 mlrd so‘mni tashkil etgan edi.
Joriy yilda bankning foizli daromadlari 8,4 trln so‘mga yetdi, bu 15,3 foizlik o‘sishni anglatadi. Foizsiz daromadlar ham sezilarli darajada ko‘payib, 5,2 trln so‘mga yetgan. Shu bilan birga, bank xodimlariga ish haqi va boshqa xarajatlar uchun 593,1 mlrd so‘m, davlatga esa 163,7 mlrd so‘mlik soliq to‘langan.





