add

Banklarda oltinni sotish va sotib olish o‘rtasidagi farq sezilarli oshdi

Kecha 13:552 daqiqa

O‘zbekiston banklarida oltin quymalarini sotish va qaytarib sotib olish narxi orasidagi farq 2 foizdan qariyb 5 foizga ko‘tarildi.

Banklarda oltinni sotish va sotib olish o‘rtasidagi farq sezilarli oshdi

Markaziy bank 4-fevral uchun oltin quymalari narxini e’lon qildi. Unda sotish va sotib olish orasidagi farq sezilarli kengaygan. 

Regulyator belgilagan narxga ko‘ra, banklarda 5 gr quyma 10 077 000 so‘mga, 100 gr quyma esa 201 544 000 so‘mga sotilmoqda. 

Banklar tomonidan oltin quymalarini qaytarib sotib olish narxi sotish narxidan qariyb 5 foizgacha pasayib ketdi. 

photo_2026-02-04_13-43-52

100 gr oltin quymani banklar o‘z narxidan 4,81 foizga kamroq, 191 854 000 so‘mga sotib olmoqda. Bu farq 3-fevralgacha atiga 1.98 foizni tashkil qilgan. 

2-fevral kuni 100 gr oltin quymani 197 347 000 so‘mdan sotib olib, banklarga 193 439 000 so‘mdan sotish imkoni bor edi. 

Qaysi bankda qancha quyma borligini Markaziy bankning rasmiy saytidan tekshirish mumkin — Ayni paytda poytaxt bo‘yicha “Xalq banki”ning Yakkasaroy filialida eng ko‘p quyma mavjud.

Sotish va sotib olish orasidagi farq sezilarli kengayganiga jahon bo‘yicha oltin narxi keskin o‘ynayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. 

29-yanvar kuni jahonda oltin narxi troya unsiyasida (31,1 g) 5 600 dollargacha ko‘tarilib, tarixiy rekord o‘rnatgan edi. Dushanba, 2-fevral kuni narx 4 450 dollargacha tushib ketdi. Bu oltinning so‘nggi yillardagi eng tez pasayishi bo‘ldi.

Bugun, 4-fevral kuni oltin qayta 5 000 dollarlik marrani kesib o‘tdi. O‘sish 6 foizdan ko‘proqni tashkil qildi va bu 2008 yilgi global moliyaviy inqiroz davridan beri eng yirik kunlik o‘sish bo‘ldi. 

Umuman olganda oltin narxi geosiyosiy ziddiyatlar va iqtisodiy noaniqlik fonida 2026 yilda o‘sishda davom etishi kutilmoqda. 

JPMorgan tahlilchilari yil oxirigacha oltin 6 300 dollargacha chiqishini prognoz qilmoqda. Aksariyat tahlilchilar o‘sish 6 000 dollardan yuqori bo‘lishini kutmoqda. 

Biroq, kutilmalar o‘z nomi bilan kutilma bo‘lib, oltin narxini qanday bo‘lishini aniq ko‘rsatib berolmaydi. 

Yil boshida oltin narxi bo‘yicha prognozlar nisbatan pastroq shakllangan edi. Masalan, Goldman Sachs tahlilchilari oltin 2026 yil so‘nggida 5 400 dollar atrofida bo‘ladi deb kutgandi. Amalda esa yanvardayoq oltin 5 600 dollarga chiqib ulgurdi. 

Teglar

Mavzuga oid