add

Barcha masjidlarda yomg‘ir so‘rab istisqo namozi o‘qiladi — Musulmonlar idorasi

Bugun 12:473162 Daqiqa

«Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbuslari bilan 2025 yil 28-noyabr kuni juma namozidan keyin yurtimizdagi barcha masjidlarda Alloh taolodan tavba-tazarru, istig‘for ila yomg‘ir so‘rab, jamoat bilan ikki rakat istisqo namozi o‘qiladi», deyiladi diniy idora xabarida.

Barcha masjidlarda yomg‘ir so‘rab istisqo namozi o‘qiladi — Musulmonlar idorasi

O‘zbekistonda joriy kuz mavsumi yomg‘irsiz o‘tayotgani va yaqin kunlarda ham yog‘ingarchilik kutilmayotgani bois Musulmonlar idorasi rahbari, muftiy Nuriddin Xoliqnazar tashabbusi bilan mamlakat masjidlarida istisqo namozi o‘qilishi belgilandi. Bu haqda Musulmonlar idorasi matbuot xizmati xabar berdi.

Diniy idora ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil 28-noyabr kuni juma namozidan keyin barcha masjidlarda «Allohdan yomg‘ir so‘rab», jamoat bilan ikki rakat istisqo namozi ado etiladi.

«Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yomg‘ir yog‘may, suvsizlik bo‘lgan davrlarda jamoat bilan qiblaga yuzlanib duo qilganlari, keyin o‘zlari imom bo‘lib namoz o‘qiganlari rivoyat qilingan. Alloh taolodan suv-yomg‘ir so‘raladigan istisqo namozi fazilati hadis kitoblarida bayon qilingan», deyiladi matbuot xizmatining xabarida.

Qarorga ko‘ra, istisqo bilan bir qatorda viloyat va tuman markazlaridagi masjid va ziyoratgohlarda jonliqlar so‘yilib, yetim-yesirlar va muhtoj oilalarga tarqatiladi. Bu amal qurg‘oqchilik paytida xayr-ehson qilingani baraka keltirishi haqidagi diniy ta’limotlarga tayangan holda amalga oshirilishi aytilgan.

«O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari ustoz va talabalari tomonidan Imom Buxoriy «Sahihi Buxoriy» asari shu yil 28-noyabr kuni juma namoziga qadar xatmi kutub qilinadi. Zero, Imom Buxoriyning «Sahih”lari qurg‘oqchilikda o‘qilganda, Alloh taoloning irodasi ila yomg‘ir yoqqani tarix kitoblarida yozilgan», deyilgan xabarda.

Shuningdek, Umra ziyoratida bo‘lib turgan imom-domlalarga ham Harami shariflarda o‘z guruhlari bilan istisqo namozini o‘qish tavsiya etilgan.

Teglar

Mavzuga oid

Barcha masjidlarda yomg‘ir so‘rab istisqo namozi o‘qiladi — Musulmonlar idorasi | Vaqt.uz