
Bashar Asadni qamoqqa olish sirtdan order chiqarildi
Damashq sudyasi Bashar Asadni 2011 yil Dara’ voqealaridagi qotillik, qiynoq va erkinlikdan mahrum etish ayblovlari bilan qamoqqa olishga order berganini ma’lum qildi.

Damashqdagi tergov qozisi Tavfiq al-Ali shanba kuni Bashar Asadga nisbatan qamoqqa olish orderi chiqarilganini bildirdi. Unga 2011 yil Daraa voqealari bilan bog‘liq ayblovlar qo‘yildi, deb yozadi Sano nashri.
Qozining ma’lumot berishicha, ayblovlar qatorida qasddan odam o‘ldirish, qiynoq orqali o‘limga yetkazish va erkinlikdan noqonuniy mahrum qilish kabi jinoyatlar mavjud.
Ushbu sud qaroridan so‘ng order Interpol orqali ham tarqatilishi va xalqaro miqyosda qidiruvga qo‘yilishi mumkin. Bu jarayon Asad ustidan qurbonlar oilalari tomonidan berilgan da’vo asosida amalga oshirilmoqda.
Da’vo 2011 yil 23 noyabrda Dara’da sodir bo‘lgan voqealar bilan bog‘liq bo‘lib, o‘sha paytda ko‘plab fuqarolar halok bo‘lgan va yuzlab odamlar qiynoqqa solingan edi.
Huquqshunoslar fikricha, Asadga qarshi chiqarilgan qamoqqa olish orderi xalqaro jinoyat ishlarini ko‘rib chiqishda yangi bosqich bo‘lishi mumkin.





