add

Bayden Trampga minnatdorlik bildirdi

15.10.2025 | 10:0026243

U o‘zi eplolmagan ishni Tramp eplaganini qayd etdi.

Bayden Trampga minnatdorlik bildirdi
AQSHning sobiq prezidenti Jo Bayden G‘azoda Isroil va HAMAS harakati o‘rtasidagi yarashuv kelishuviga erishishdagi roli uchun Donald Trampga minnatdorlik bildirdi. Bu haqda Bayden X ijtimoiy tarmog‘ida yozdi. U kelishuv nihoyat kuchga kirganidan «chuqur minnatdor» ekanini va «yengil tortganini» ta’kidladi. «Bu kelishuvga erishish yo‘li oson bo‘lmadi. Mening ma’muriyatim garovdagilarni uylariga qaytarish, Falastin fuqaro aholisiga yordam ko‘rsatish va urushni tugatish uchun tinimsiz mehnat qildi. Men prezident Tramp va uning jamoasiga yangi to‘xtatish kelishuvini tuzishdagi sa’y-harakatlari uchun minnatdorligimni bildiraman» - deya yozdi Bayden. Sobiq prezident ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar va xalqaro hamjamiyatning qo‘llab-quvvatlashi tufayli Yaqin Sharq «tinchlik sari yo‘l tutmoqda». 13 oktyabr kuni Donald Tramp hamda Misr, Qatar va Turkiya vakillari Isroil bilan HAMAS o‘rtasidagi G‘azo sektoridagi urushni to‘xtatish to‘g‘risidagi hujjatga imzo qo‘ydilar. Marosim Misr tomonidan uyushtirilgan xalqaro sammit doirasida o‘tkazildi. Tadbirda bir qator Yevropa davlatlari rahbarlari ishtirok etishdi. Bir kun oldin Tramp G‘azodagi urush rasman yakunlanganini e’lon qildi va jahon hamjamiyatini Rossiya bilan Ukraina o‘rtasidagi mojaroni tugatishga e’tibor qaratishga da’vat etdi. «Endi G‘azoga tinchlik qaytgach, Ukrainadagi urushni tugatishga e’tibor qaratish payti keldi», - dedi u Knessetdagi nutqida.

Teglar

Mavzuga oid