
Bayram kunlari Toshkentdagi avtoturargohlar bepul bo‘ladi
30.08.2025 | 17:3037892
Mustaqillik bayrami munosabati bilan 31 avgust va1sentyabrda poytaxtda barcha pulli avtoturargohlardan bepul foydalanish mumkin bo‘ladi.

Toshkent shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, rasmiy dam olish kunlari deb e’lon qilingan ushbu sanada poytaxt bo‘ylab joylashgan barcha pulli avtoturargohlar bepul tarzda xizmat ko‘rsatadi. Bu qaror haydovchilar uchun vaqtinchalik yengillik sifatida joriy etilgan.
Hokimlik rasmiylarining qayd etishicha, shu kunlarda avtoturargohlardan foydalanganlik uchun hech qanday to‘lov undirilmaydi va jarimalar ham qo‘llanmaydi. Bu esa bayram kunlari poytaxtga tashrif buyuruvchi va mahalliy aholi uchun qulaylik yaratishi kutilmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, bepul avtoturargohlar bayram kunlarida yo‘llarda yuklamani kamaytirishga yordam berishi mumkin. Ayniqsa, Mustaqillik bayramida markaziy maydonlar va dam olish maskanlariga tashrif buyuruvchilar soni ko‘payadi.
Avtoturargohlar odatiy tartibda 2 sentyabrdan boshlab yana pullik asosda ishlay boshlaydi. Hokimlik haydovchilarni qoidalarga rioya qilishga va tartib-intizomni saqlashga chaqirdi.





