
Ba’zi hududlardagi bo‘sh yerlar va obyektlar arzon narxda sotuvga chiqariladi
O‘zbekistonda ish o‘rni va daromadni oshirish uchun mahallalarda yangi loyiha yondashuvi va moliyaviy rag‘batlar joriy etiladi.
© Фото: president.uz O‘zbekistonda ayrim hududlarda bo‘sh yer maydonlari va davlatga tegishli obyektlar past boshlang‘ich narxlarda sotuvga chiqarilishi belgilandi. Bu chora ish o‘rni yaratish, daromadni ko‘paytirish hamda tadbirkorlik faolligini oshirishga qaratilgan tashabbuslar doirasida amalga oshiriladi. Davlat rahbari hokim yordamchilari mahallalarda tashabbuskorlarni topish va mikro hamda kichik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha yetarli tajriba to‘plaganini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, endilikda hokim yordamchilari o‘z mas’uliyatidagi mahallada ishlarni «loyihaviy yondashuv» asosida tashkil qiladi. Buning uchun ularni maxsus o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yilib, avvalo «og‘ir» mahallalardan boshlash topshirildi. Har bir tuman kesimida aniq yo‘nalishlar bo‘yicha loyihalar portfeli shakllantiriladi.
Dasturga ko‘ra, «og‘ir» mahallalardagi bo‘sh yerlar va davlat obyektlarining boshlang‘ich narxi 2–3 barobarga pasaytiriladi. Shu bilan birga, ish o‘rni va daromadni oshirishda eng yaxshi natija ko‘rsatgan 100 ta mahallaga 1 mlrd so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Ushbu mahallalarda faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilari Xitoy, Turkiya, Koreya va Malayziya kabi davlatlarga bir oylik malaka oshirish kurslariga yuboriladi.
Shuningdek, «Mahalla yettiligi» samaradorligini oshirish bo‘yicha poytaxtda sinovdan o‘tkazilgan tajriba barcha tuman va shaharlarda joriy etiladi. Endi hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisi mahalla raisi taqdimnomasiga asosan tuman hokimi tomonidan tayinlanadi va ozod etiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tadbirkorlik salohiyati yuqori bo‘lgan 50 ta tuman-shahar mamlakat sanoatining 62 foizi va xizmatlar sohasining 57 foizini ta’minlamoqda. Uch yil oldin bu hududlarda mahalliy budjetga 875 mlrd so‘m qo‘shimcha daromad tushgan bo‘lsa, endilikda ushbu ko‘rsatkich 7,4 trln so‘mga yetmoqda. Shu sababli, infratuzilmani yaxshilash orqali daromadni ko‘paytirish vazifasi tuman hokimlari oldiga qat’iy qo‘yildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev 903 ta «og‘ir» mahallaning har birida quvvati 300 kilovatt bo‘lgan kichik quyosh elektr stansiyalari qurilishini ma’lum qilgandi. Prezident ta’kidlaganidek, ushbu stansiyalar mahallalarga beg‘araz aktiv sifatida beriladi va har bir hududda yiliga 400–500 million so‘m qo‘shimcha daromad keltiradigan iqtisodiy manba shakllanadi.





