add

BBC va yetakchi agentliklar G‘azoga oziq-ovqat kiritishni talab qilmoqda

25.07.2025 | 15:3016563

BBC, AFP, AP va Reuters singari xalqaro media agentliklar Isroilni G‘azoda faoliyat yuritayotgan jurnalistlarning ochlikka duchor bo‘layotgani tufayli hududga oziq-ovqat kiritishga chaqirdi. Ularning ta’kidlashicha, muxbirlar o‘z oilalarini ham boqa olmayapti.

BBC va yetakchi agentliklar G‘azoga oziq-ovqat kiritishni talab qilmoqda
Politico nashrining yozishicha, 2025 yil 24 iyul kuni BBC, Agence France-Presse (AFP), Associated Press (AP) va Reuters kabi yetakchi xalqaro axborot agentliklari Isroilga qaratilgan qo‘shma bayonot e’lon qildi. Unda jurnalistlarga G‘azoga kirish-chiqish imkonini berish va muhosaradagi aholi uchun yetarlicha oziq-ovqat kiritilishi ta’minlanishi zarurligi aytilgan. Bayonotda agentliklar G‘azoda faoliyat yuritayotgan muxbirlari va ularning oilalari ochlik xavfiga yuz tutayotganini qayd etishdi. Ular: «Biz jurnalistlarimiz va ularning oilalari o‘zini boqa olmayotganidan katta xavotirdamiz», — deb ta’kidlashdi. Bundan oldin, AFP xodimlari ham shunday bayonot bergan, 22 iyul kuni esa 100 dan ortiq xalqaro insonparvarlik tashkiloti BMTga G‘azoga yordam yetkazish uchun Isroildan ruxsat so‘rab murojaat qilgan edi. Isroil YeI bilan tuzilgan yordam taqsimot shartnomasini bajarmayotgani haqidagi tanqidlarga javoban, tashqi ishlar vaziri Gideon Saar: «Bizni ayblamaslik kerak. Biz shimol va janubdan o‘tish nuqtalarini ochdik. Yordamni Iordaniya va Misr orqali ham uzatyapmiz», — deya ma’lum qildi. Shunga qaramay, YeI rasmiylari Isroilni yordam tarqatishdagi siyosatini keskin tanqid qilmoqda. Ayni paytda, Isroil armiyasi Hamas jangarilarini yer osti tunnellarida oziq-ovqatni to‘plashda ayblamoqda. Eslatib o‘tamiz, Isroil 2023 yil oktyabrda Hamas hujumi oqibatida 1000 dan ortiq fuqarosi halok bo‘lganidan so‘ng G‘azoga harbiy operatsiya boshlagan. Shundan beri yuz minglab falastinliklar halok bo‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid