add

Bemorning sog‘lom oyog‘ini kesgan shifokorga hukm o‘qildi

23.07.2025 | 10:206334

Farg‘onada shifokor bemorning chap oyog‘ini kesish o‘rniga o‘ng oyog‘ini kesdi, so‘ngra ikkinchi oyog‘ini ham kesgan. Bemor og‘ir jarrohlik amaliyotlarini ko‘tara olmasdan vafot etdi. Sud shifokorni 4 yil ozodlikdan mahrum etdi hamda moddiy va ma’naviy zararni qoplashga jarima qo‘lladi.

Bemorning sog‘lom oyog‘ini kesgan shifokorga hukm o‘qildi
Farg‘onada yuz bergan holat shifokor mas’uliyati, tibbiy nazorat va bemor xavfsizligi masalasini yana kun tartibiga chiqardi. Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya markazi Farg‘ona filialining xirurgiya bo‘limi boshlig‘i Abdubannop Madolimov sog‘lom oyoqni kesib tashlagani uchun sudlangani haqida Kun.uz sud hujjatlariga tayanib xabar berdi. 2024 yil 18 oktyabrda Adinaxon Isomitdinova og‘ir qandli diabet tashxisi bilan markazga yotqizilgan. Ammo Madolimov ta’tilda bo‘lgan bo‘lishiga qaramay, bo‘lim mudirining vaqtincha o‘rinbosarini chetga surib, bemorni o‘zi davolashni boshlagan. U tibbiy hujjatlarda bemorning chap oyog‘ini kesish rejasini tayyorlab, jarrohlikni tibbiy ko‘rsatmaga ega bo‘lmagan holda o‘zboshimchalik bilan amalga oshirgan. Jarrohlik 19 oktyabrda shifokor va mutaxassisligi yo‘q talabalar ishtirokida o‘tkazilgan. Ammo amaliyot paytida bemorning sog‘lom o‘ng oyog‘i kesib tashlangan. Keyinchalik chap oyog‘i ham amputatsiya qilingan. Og‘ir amaliyotlar oqibatida bemor 2024 yil 7 noyabrda vafot etgan. Quva tuman sudi Madolimovni Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismiga asosan aybli deb topib, 4 yil ozodlikdan mahrum qildi va 3 yil tibbiyotda rahbarlik va shifokorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum etdi. Undan jabrlanuvchi vakili foydasiga 27,8 mln so‘m moddiy va 80 mln so‘m ma’naviy tovon undirish belgilandi. Jinoyat ishi Farg‘ona viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellsiya instansiyasida ko‘rib chiqilgan. Abdubannop Madolimov apellyatsiya shikoyatida harakatlarida jinoyat tarkibi yo‘qligi, bemorning o‘limi uning harakatlari bilan bog‘liq bo‘lmagani haqida vajlar keltirgan hamda sud hukmini bekor qilib, oqlov hukmi chiqarishni so‘ragan. Jabrlanuvchining qonuniy vakili esa apellyatsiya shikoyatida shifokordan 28 mln 995 ming so‘m moddiy va 350 mln so‘m ma’naviy zarar undirishni so‘ragan. Apellyatsiya instansiyasining ajrimi bilan dastlabki sud hukmi o‘zgarishsiz, apellyatsiya shikoyatlari qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.

Teglar

Mavzuga oid