add

Berdimuhamedovning korteji tufayli homilador ayol vafot etdi

22.10.2025 | 23:0018381

Yo‘llar yopilgani uchun er ayolini shifoxonaga vaqtida olib bora olmagan. Oqibatda ayol erining qo‘lida vafot etgan.

Berdimuhamedovning korteji tufayli homilador ayol vafot etdi

Turkmanobodda 15 oktyabr kuni Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovning korteji o‘tayotganda xavfsizlik xodimlari mashinani o‘tkazmagani oqibatida yetti oylik homilador ayol vafot etdi. Bu haqda «24.kg» xabar berdi.

O‘sha kuni Serdar Berdimuhamedov yangi majmua qurilishiga poydevor qo‘yish marosimida ishtirok etdi. Davlat rahbarining tashrifi sababli shahardagi deyarli barcha ko‘chalar yopilgan, transport va piyodalar harakati cheklangan.

Ayolning eri uni shifoxonaga olib borayotganda, yo‘lda ularni xavfsizlik xodimlari to‘xtatib, o‘tkazishmagan. Erkak tiz cho‘kib, o‘tishga ruxsat berishlarini yolvorgan, ammo unga tor ko‘chalar orqali tuman kasalxonasiga borishni buyurishgan. Yo‘lda ayol uning qo‘lida jon bergan. Shifoxonaga yetib kelganlarida shifokorlar endi hech qanday yordam ko‘rsatib bo‘lmasligini aytishgan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, erkakning oldiga xavfsizlik xizmati xodimlari kelib, undan voqeani oshkor qilmaslikni talab qilgan. Mahalliy aholining aytishicha, oilaning uyi xavfsizlik kuchlari tomonidan nazorat qilinmoqda, erkakning o‘ziga esa tahdid qilinmoqda.

Shifoxona xodimlarining ta’kidlashicha, prezident tashrif buyurgan kuni hatto tez yordam mashinalari ham yo‘lga chiqa olmagan.

Turkmaniston hukumati voqea yuzasidan hech qanday izoh bermayapti. Mahalliy ommaviy axborot vositalari hodisa haqida xabar qilmayapti.

Teglar

Mavzuga oid

Berdimuhamedovning korteji tufayli homilador ayol vafot etdi | Vaqt.uz