
Beshta davlat isroillik vazirlarga qarshi sanksiyalar joriy qildi
12.06.2025 | 11:4045823
G‘arbiy sohildagi zo‘ravonlikka undash da’volari ortidan qator davlatlar keskin chora ko‘rdi.

Buyuk Britaniya, Avstraliya, Kanada, Yangi Zelandiya va Norvegiya Isroil hukumatidagi ikki vazir — moliya vaziri Betsalel Smotrich va milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda xalqaro agentliklar 10 iyun kuni xabar tarqatdi.
Bayonotda ta’kidlanishicha, mazkur qaror Iordan daryosining G‘arbiy sohilida falastinliklarga qarshi zo‘ravonlikka undash holatlari bilan bog‘liq. Sanksiyalar ushbu vazirlarning harakatlari va bayonotlari inson huquqlarining jiddiy buzilishi sifatida baholangan.
Britaniya Tashqi ishlar vazirligi saytida e’lon qilingan qo‘shma bayonotda aytilishicha, besh davlat ikki davlat yechimiga sodiqligini qayd etgan. Ularning fikricha, falastinliklar va isroilliklar xavfsizligi hamda mintaqada barqarorlikni ta’minlash uchun zo‘ravonlikka barham berish zarur.
Mualliflar Ben-Gvir va Smotrichni ekstremistik zo‘ravonlikni targ‘ib qilganlikda ayblab, ularning ritorikasini «dahshatli va xavfli» deb atadi. Shuningdek, falastinliklarni majburiy ko‘chirish va yangi aholi punktlari qurilishini targ‘ib qilishga qarshi chiqishdi.
Qo‘shma bayonotda Isroil hukumatidan xalqaro huquq doirasidagi majburiyatlarini bajarish va ekstremistik bayonotlardan voz kechish talab qilingan.





