add

Beyonse dunyodagi beshinchi musiqachi milliarderga aylandi

Bugun 10:302 daqiqa

«Cowboy Carter» albomi va rekord daromad keltirgan turne orqali Beyonse shaxsiy kapitali 1 mlrd dollardan oshgan beshinchi musiqachi bo‘ldi.

Beyonse dunyodagi beshinchi musiqachi milliarderga aylandi

Beyonse dunyoda shaxsiy boyligi 1 mlrd dollardan oshgan beshinchi musiqachi sifatida qayd etildi. Bu natija 2025 yilda chiqarilgan «Cowboy Carter» kantri-albomi va shu nomdagi gastrol turnesining moliyaviy muvaffaqiyati bilan bog‘liq.

44 yoshli qo‘shiqchi ilgari bu ko‘rsatkichga erishgan Jay-Z, Teylor Svift, Rianna va Bryus Springstin qatoriga qo‘shildi. «Forbes» nashrining baholashiga ko‘ra, Beyonsening boyligining asosiy qismi uning musiqa faoliyati va gastrol daromadlari hisobiga shakllangan.

Beyonse 2010 yilda tashkil etilgan «Parkwood Entertainment» kompaniyasi orqali o‘z karerasini mustaqil boshqarib keladi. Bu model unga ijodiy va moliyaviy nazoratni to‘liq saqlab qolish, kontent, gastrol va medialoyihalardan tushadigan daromadlarni maksimallashtirish imkonini bergan.

«Cowboy Carter» turnesi 2025 yil davomida 400 mln dollardan ortiq chipta tushumlari va qo‘shimcha 50 mln dollar atrofida merchandayzing daromadini ta’minladi. Shou logistikasida 100 ga yaqin yuk mashinalari va 8 ta «Boeing 747» samolyoti jalb qilingan. Ssenografiyada uchuvchi avtomobillar va oltin rangdagi mexanik buqa kabi katta konstruksiyalar qo‘llanilgan.

Turne mini-rezidensiya formatida o‘tkazilib, AQSH va Yevropadagi to‘qqizta yirik stadionda jami 32 ta konsert namoyish etilgan.

«Forbes» hisob-kitoblariga ko‘ra, Beyonsening 2025 yildagi yillik daromadi soliqlardan oldin 148 mln dollarni tashkil etgan. Daromad manbalari qatorida «Netflix» uchun maxsus performans, reklama shartnomalari hamda konsert filmini kinoteatrlar orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri tarqatishdan olingan tushumlar ham bor.

Teglar

Mavzuga oid