
Bezosdan Maskka raqobat: 6 terabit tezlikka ega sun’iy yo‘ldosh interneti
Sun’iy yo‘ldoshli internet bozorida yangi ulkan loyiha e’lon qilindi va u raqobat qoidalarini o‘zgartirishi hamda kuchlar muvozanatiga ta’sir qilishi mumkin.

«Blue Origin» kompaniyasi sun’iy yo‘ldoshli internet bozoridagi kuchlar nisbatini o‘zgartirishni maqsad qilgan «TeraWave» nomli yangi aloqa tarmog‘ini rasman taqdim etdi. Loyiha 2027 yildan boshlab ishga tushirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, u asosan korporativ mijozlar, data-markazlar va davlat muassasalariga qaratilgan.
Kompaniya ma’lum qilishicha, «TeraWave» dunyoning istalgan nuqtasida turib 6 Tbps tezlikda simmetrik internet ulanishini ta’minlay oladi.
Bu tashabbus Jeff Bezosning kosmik biznesdagi navbatdagi yirik qadami sifatida baholanmoqda. «Blue Origin» shu orqali ommaviy iste’molchilarga yo‘naltirilgan modellardan farqli ravishda, yuqori ishonchli va katta o‘tkazuvchanlik talab qiladigan segmentni egallashni ko‘zlamoqda.
«TeraWave» qanday ishlaydi?
Blue Origin ma’lumotlariga ko‘ra, «TeraWave» ko‘p orbitali arxitektura asosida quriladi. Umumiy hisobda 5408 ta optik ulanishli sun’iy yo‘ldoshdan iborat tarmoqning asosiy qismi pastki Yer orbitasiga (LEO) joylashtiriladi. Ushbu yo‘ldoshlar yer usti stansiyalari bilan an’anaviy radiokanallar orqali 144 Gbps gacha tezlikni ta’minlaydi.
Eng muhim jihat — o‘rta Yer orbitasiga (MEO) chiqariladigan 128 ta sun’iy yo‘ldosh. Aynan shu segment «TeraWave»ning eng dahshatli ko‘rsatkichi bo‘lgan ikki tomonlama 6 Tbps tezlikda ulanish imkonini beradi. «Blue Origin» bosh direktori Deyv Limpning ta’kidlashicha, tizim ongli ravishda oddiy foydalanuvchilar uchun emas, balki muhim infratuzilmalar va strategik operatsiyalar uchun mo‘ljallangan. Shu sababli tarmoq eng ko‘pi bilan taxminan 100 ming mijozga xizmat ko‘rsatadi.
Raqobat kuchaymoqda
Sun’iy yo‘ldosh internet bozorida raqobat tobora keskinlashmoqda. Hozircha bozor yetakchisi «Starlink» bo‘lib, u «SpaceX» orqali boshqariladi. Tizim 9 mingdan ortiq sun’iy yo‘ldosh va taxminan 9 million abonentga xizmat ko‘rsatmoqda, yaqin vaqtda esa soniyasiga gigabit darajasida tezliklar va’da qilinmoqda.
Bundan tashqari, «Amazon» ham ushbu sohada faollikni oshirgan. Kompaniya o‘zining LEO tarmog‘i uchun 180 ta sun’iy yo‘ldoshni orbitaga chiqardi va kelajakda 3236 ta sun’iy yo‘ldoshdan iborat to‘liq tarmoq yaratishni rejalashtirmoqda. Shu tariqa, dunyoning eng boy insonlari Jeff Bezos va Ilon Mask o‘rtasidagi raqobat nafaqat kosmosda, balki global internet infratuzilmasida ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.





