
Bir oylik harbiy xizmat uchun to‘lov qariyb 9 mln so‘mga yetadi
07.06.2025 | 11:2047282
1 avgustdan boshlab O‘zbekistonda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 10 foizga oshirilib, 1 mln 271 ming so‘m etib belgilanadi. Bu o‘zgarish harbiy xizmat to‘loviga ham ta’sir ko‘rsatadi.

Safarbarlik chaqiruvi rezervi doirasidagi bir oylik harbiy xizmat to‘lovi — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 7 baravariga teng. Demak, 1 avgustdan ushbu to‘lov hozirgi 8 mln 85 ming so‘mdan 8 mln 897 ming so‘mgacha ko‘tariladi.
O‘zbekistonda ushbu tartib 2019 yildan joriy etilgan. Shundan beri bir oylik xizmat to‘lovi yilma-yil oshirib kelinmoqda. Masalan, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 4 mln 40 ming so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilda 8 mln 85 ming so‘mga yetgan. Ya’ni 6 yilda to‘lov ikki baravarga oshgan.
Safarbarlik chaqiruvi rezerviga qabul qilinganlardan pul badallari bir yoki bir necha oyda bo‘lib-bo‘lib to‘lash orqali undiriladi. Tushgan mablag‘lar Mudofaa vazirligining maxsus hisob raqamida jamlanadi va harbiylar ta’minoti, moddiy baza hamda nafaqalar uchun sarflanadi.
Ushbu xizmat turiga 27 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar qabul qilinadi. Ular zarurat tug‘ilganda haqiqiy harbiy xizmatga jalb qilinishi mumkin.





